O‘zbekistonda tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan xotin-qizlarni himoya qilish tizimini kuchaytirish, shuningdek, bolalarni himoya qilishni takomillashtirish maqsadida milliy qonunchilikka “bolaning eng yaxshi manfaatlari” tushunchasini kiritish rejalashtirilmoqda, deb xabar beradi Qonunchilik palatasi matbuot xizmati.
Ma’lumotlarga ko‘ra, rasmiylar Ijtimoiy himoya milliy agentligi va ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlariga zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslar manfaatlarini ko‘zlab sudlarga davlat bojini to‘lamasdan murojaat qilish, shuningdek, ularning vakillari sifatida sud majlislarida ishtirok etish huquqini berishni rejalashtirmoqda.
Shuningdek, qonun loyihasi bilan jabrlanuvchilarning ixtisoslashtirilgan markazlarda bo‘lgan davrida ish joyi va egallab turgan lavozimi saqlab qolinishi kafolatlanmoqda. Bundan tashqari, hukumat bolalar huquqlarini himoya qilishning huquqiy asoslarini takomillashtirish doirasida qonunchilikka “bolaning eng yaxshi manfaatlari” tushunchasini kiritishni rejalashtirmoqda.
Yangi qonun tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlar hamda ularning voyaga yetmagan farzandlari huquqlari va qonuniy manfaatlarini davlat tomonidan himoya qilishning huquqiy asoslarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi rejalashtirilgan. Deputatlar hujjatni birinchi o‘qishda qabul qildilar, u kuchga kirgunga qadar Qonunchilik palatasida yana ikkita o‘qishdan o‘tishi, Senat tomonidan ma’qullanishi va prezident tomonidan imzolanishi kerak.
Avvalroq Ombudsman tomonidan noyabr-dekabr oylarida “Tenglik va hurmat” platformasi doirasida zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan amaliy tadbirlar o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi. Tadbirlar Qoraqalpog‘iston, Farg‘ona, Surxondaryo, Namangan, Buxoro, Xorazm, Samarqand va Navoiyda tashkil etildi.




















