5 Iyul 2024, 15:14 Oʻzbekiston

Oʻzbekistonda xorijiy siyosiy partiyalar faoliyati taqiqlandi

“Siyosiy partiyalar toʻgʻrisida”gi qonunga Oʻzbekistonda xorijiy davlatlarning siyosiy partiyalari va boʻlinmalarini tuzish hamda ularning faoliyatini taqiqlovchi qoʻshimcha kiritildi.

Oʻzbekistonda xorijiy siyosiy partiyalar faoliyati taqiqlandi

Oʻzbekistonda xorijiy davlatlarning siyosiy partiyalari va boʻlinmalarini tashkil etish hamda ularning faoliyati taqiqlandi. “Siyosiy partiyalar toʻgʻrisida”gi qonunga bu borada qoʻshimcha kiritildi.

Oʻzgartirishni prezident Shavkat Mirziyoyev 2-iyul kuni imzolagan. U 11-iyun kuni Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan va 22-iyun kuni Senat tomonidan maʼqullangan. Oʻzgartirish boʻyicha muhokamalar borasida avval xabar berilmagan.

Qonun muqaddimasida mamlakatda partiyalar faoliyatini takomillashtirish boʻyicha keng koʻlamli chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani qayd etilgan. Shu bilan birga, xorijiy davlatlar siyosiy partiyalarining Oʻzbekiston hududidagi faoliyatini tartibga solish talab etiladi, deyiladi hujjatda.

Maʼlumot uchun, Oʻzbekistonda beshta siyosiy partiya roʻyxatga olingan: Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — Liberal-demokratik partiyasi, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi, Xalq demokratik partiyasi va Ekologik partiya.

Mashhur yangiliklar