O‘zbekistonda Tadbirkorlik kodeksi ma’qullandi
Oliy Majlisi Senatining 15-avgustdagi yig‘ilishida 100 dan ortiq hujjat, jumladan, 9 ta qonunni o‘zida jamlagan Tadbirkorlik kodeksi ma’qullandi.
O‘zbekiston Senatining 15-avgust kungi 55-yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Tadbirkorlik kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqilib, ma’qullandi.
Qonun bilan tasdiqlanayotgan Tadbirkorlik kodeksi 100 dan ortiq qonunchilik hujjatlarini unifikatsiya qilish nazarda tutilgan bo‘lib, uning asosiy maqsadi tadbirkorlik sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Kodeksda fuqarolarning tadbirkorlik faoliyatida erkin ishtirok etishi va undan manfaatdor bo‘lishi uchun kafolatlar hamda sharoitlar yaratish, xususiy mulk, shuningdek tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish asosiy vazifa sifatida belgilanmoqda.
Unda tadbirkorlik faoliyatining asosiy prinsiplari unifikatsiyalangan holda mustahkamlangan: qonuniylik, tadbirkorlik erkinligi, tadbirkorlik subyektlari tengligi, halol raqobat, korrupsiyadan xolilik va boshqalar.
Kodeks bilan tadbirkorlik subyektlari kichik, o‘rta va yirik toifalarga ajratilmoqda (amalda toifa sifatida faqat kichik tadbirkorlik subyekti mavjud edi).
Yakka tartibdagi tadbirkorlar shug‘ullanishi mumkin bo‘lmagan faoliyat turlari belgilangan holda ularga qonunchilikda taqiqlanmagan har qanday faoliyatni amalga oshirish huquqi berilmoqda.
Tadbirkorlikni davlat tomonidan tartibga solishning chegaralari hamda tartibga solish shakllari belgilanmoqda hamda xalqaro standartlarga muvofiq ayollar va yoshlar tadbirkorligi hamda ularni qo‘llab-quvvatlash tizimi joriy etilmoqda.
Kodeksda ijtimoiy tadbirkorlik, ijtimoiy korxona, aholining ijtimoiy ehtiyojmand qatlamlari ro‘yxati va ularni, jumladan nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlashning mexanizmlari belgilanmoqda.
Shu bilan birga, Kodeksda biznes-inkubatorlarning huquqiy maqomi, maqsad va vazifalari belgilanmoqda hamda davlat korxonalariga raqobatni cheklovchi imtiyoz va preferensiyalar berish taqiqlanmoqda.
Мавзуга оид хабарлар:
Ayrim tadbirkorlarga to‘lagan solig‘ining bir qismi qaytarib beriladi O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida maxfiy axborotni himoya qilish to‘g‘risidagi bitim ma’qullandi Aholining hayotiga xavf soluvchi mezonlar reyestri ishlab chiqiladi Ayrim tadbirkorlarga QQSning bir qismi qaytariladi Tadbirkorlarga limitdan oshgan elektr va gaz uchun qo‘shimcha to‘lov kamaytiriladi