31 Iyul 2024, 15:30 Oʻzbekiston

O‘zbekistonda qayta ishlatilishi majburiy bo‘lgan chiqindi tovarlari ro‘yxati tuzildi

O‘zbekiston hududida ishlab chiqaruvchilar va import qiluvchilar tomonidan qayta ishlatilishi majburiy bo‘lgan chiqindi tovarlarining belgilari bo‘yicha ro‘yxati ishlab chiqildi.

O‘zbekistonda qayta ishlatilishi majburiy bo‘lgan chiqindi tovarlari ro‘yxati tuzildi

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi bilan hamkorlikda “O‘zbekiston hududida ishlab chiqaruvchilar va import qiluvchilar tomonidan qayta ishlatilishi majburiy bo‘lgan chiqindi tovarlarining belgilari bo‘yicha ro‘yxati” ishlab chiqilganini e’lon qildi.

Ro‘yxat prezidentning 2024-yil 4-yanvardagi “Chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish va ularning ekologik vaziyatga salbiy taʼsirini kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq tuzildi.

Ro‘yxatda plastmassalar, qog‘ozlar, metallar, shishalar, kompozitli materiallar, batareya va akkumulyatorlar, qurilish chiqindisi kabi materiallar qayta ishlanishi bo‘yicha kod raqamlari va belgilar qo‘yilgan. Zaruratga qarab majburiy bo‘lgan chiqindi tovarlarining belgilari bo‘yicha qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilib, tasdiqlanib boriladi.

Ta’kidlash joizki, chiqindilarni qayta ishlash ikkilamchi xomashyolardan samarali foydalanishga imkoniyat beradi. Eng muhimi, bu orqali atrof-muhit ifloslanishining oldi olinadi, deyiladi vazirlik xabarida.

Vazirlar Mahkamasining “Oziq-ovqat mahsulotlariga tegib turadigan qadoqlarning xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglamentni tasdiqlash haqida”gi qarorini hisobga olgan holda qayta ishlatilishi majburiy bo‘lgan chiqindi tovarlarining belgilari bo‘yicha tasdiqlangan ro‘yxati 12 oydan keyin kuchga kiradi.

Mashhur yangiliklar