O‘zbekistonda 2026-yilda 40 ming nafar nogironligi bo‘lgan fuqarolarni ish bilan ta’minlash rejalashtirilgan, buning uchun hukumat foizsiz ssuda ajratadi, deyiladi prezident qarorida.
Ma’lumotlarga ko‘ra, pul mablag‘lari Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasi tomonidan ajratilib, nogironligi bo‘lgan fuqarolar uchun mehnat sharoitlarini yaratish yoki o‘z biznesini kengaytirishga yo‘naltiriladi. Xususan, BHMning 75 baravarigacha (30,9 mln so‘m) miqdordagi kredit 3 yilgacha muddatga ajratiladi — fuqarolar bu pullarni asbob-uskunalar, mehnat qurollari, ish uchun materiallar sotib olish, internet xizmatlariga ulanish va boshqa ish ehtiyojlari uchun sarflashlari mumkin bo‘ladi.
2026-yil may oyidan boshlab Milliy ijtimoiy himoya agentligi tizimidagi ishlash istagini bildirgan nogironligi bo‘lgan shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlar soliq to‘lovchining biznes uchun shaxsiy kabinetida aks ettiriladi. Shuningdek, iyul oyiga qadar hukumatga Soliq qo‘mitasi tizimi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri integratsiyani yo‘lga qo‘yish topshirildi.
Bundan tashqari, 2026-yil 1-yanvardan 2028-yil 1-yanvarga qadar xodimlarining o‘rtacha yillik sonining kamida chorak qismini nogironligi bo‘lgan shaxslar tashkil etadigan korxonalar hisoblangan ish haqiga teng miqdorda soliq chegirmalarini olishlari mumkin: yuridik shaxslarning mol-mulk solig‘i bo‘yicha — to‘lanishi lozim bo‘lgan summaning 100 foizigacha, yer solig‘i bo‘yicha — 90 foizigacha.
Qayd etilishicha, bunday korxonalarda nogironligi bo‘lgan xodimlar soni kamida 4 nafarni tashkil etishi kerak. Bunda imtiyoz kompaniyalar I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga yoki bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga asosiy ish joyini taqdim etgan taqdirda amal qiladi, shuningdek yirik soliq to‘lovchilar, byudjet tashkilotlari va davlat kompaniyalariga tatbiq etilmaydi.
Avvalroq O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslarning mashinalarini qayta jihozlash xarajatlari qoplab berilishi haqida xabar berilgandi. Cheklangan vaqt ichida ariza topshirish mumkin bo‘ladi.






















