O‘zbekiston tashkilotlarida mehnatni muhofaza qilish xizmatlari tashkil etiladi, deyiladi hukumat qarorida.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ish beruvchi tashkilotda mehnatni muhofaza qilishni boshqarish tizimini joriy etishi, mehnatni muhofaza qilish xizmati va yo‘l harakati xavfsizligi xizmatini tashkil etishi kerak bo‘ladi.

Xodimlarni mehnatni muhofaza qilishga o‘qitish quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

  • kirish yo‘riqnomasi va ish joyida yo‘riqnoma o‘tkazish;
  • amaliyot o‘tash va ish joyida bilimlarni tekshirish;
  • xodimlarni baxtsiz hodisalar natijasida jabrlanganlarga birinchi yordam ko‘rsatishga o‘rgatish.

Ish beruvchi har yili 20-yanvargacha “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksiga quyidagi ma’lumotlar kiritilishini ta’minlaydi:

  • mehnat sharoitlari to‘g‘risidagi axborot;
  • zararli va xavfli ishlab chiqarish omillari mavjudligi bilan tavsiflanadigan mehnat sharoitlarida ishlaganlik uchun nafaqalar va kompensatsiyalar miqdori to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
  • baxtsiz hodisalar natijasida jabrlangan va kasb kasalliklari birinchi marta aniqlangan shaxslar soni to‘g‘risidagi ma’lumotlar.

Tashkilotlarda ma’muriy va jamoatchilik nazorati tashkil etilishi lozim, u quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

  • 1-bosqich — bo‘linma va bo‘lim (sex), smena, brigada joylashgan joyda;
  • 2-bosqich — bo‘linma, bo‘lim, ishlab chiqarish yoki tashkilot joylashgan joyda;
  • 3-bosqich — tashkilotda umumiy.