O‘zbekiston

O‘zbekistonda mehnat migratsiyasi to‘g‘risida yangi qonun qabul qilinmadi

Senatorlar hujjatni maromiga yetkazish uchun yubordi.

25-iyun kuni Senatning 8-yalpi majlisida senatorlar «Tashqi mehnat migratsiyasi to‘g‘risida»gi qonunni muhokama qildi.

Qonun mamlakatda doimiy yashovchi fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning O‘zbekistondan tashqariga vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun chiqishi, shuningdek, boshqa davlatlar hududida doimiy yashovchi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni O‘zbekistonda mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun jalb etish bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga soladi.

Qonunni qayta ko‘rib chiqishni talab qiladigan bir qator masalalar mavjud. Ba’zi davlat organlarining bu sohadagi vakolatlari so‘nggi ma’muriy islohotlarni hisobga olgan holda qayta ko‘rib chiqilishi kerak. Xorijga ishga yuborayotgan tashkilotlarga Migratsiya agentligining xorijdagi vakolatxonalari bilan birgalikda mehnat sharoitlariga rioya etilishini o‘rganish huquqini berish muhim, deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, senatorlar mehnat migrantlarini O‘zbekistonga qaytarish va yuboruvchi tashkilotning majburiyatlari chet elda bajarilmagan taqdirda xarajatlarni yuboruvchi tashkilot mablag‘lari hisobidan qoplash mexanizmini Qonunda mustahkamlash muhimligini qayd etdi.

Shuningdek, O‘zbekiston hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi tasdiqnomani berish, uning amal qilishini to‘xtatib turish, tugatish yoki bekor qilish asoslarini qayta ko‘rib chiqish zarurligiga e’tibor qaratildi. Shu bilan birga, tasdiqlash uchun undiriladigan to‘lov miqdorining aniq huquqiy mexanizmlarini belgilash zarurligi ta’kidlandi.

Yuqoridagilarni inobatga olib, Qonunni qayta ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq deb topildi va mazkur masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston va Rossiya migratsiya masalalarini birgalikda hal qilishni boshlaydi. Rossiya Federatsiyasi rahbari Vladimir Putin bu sohadagi muammolarni shaxsan Shavkat Mirziyoyev bilan muhokama qilishini aytgandi.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная