O‘zbekistonda IIB xodimlari dronlardan foydalana boshladi
Huquqbuzarliklarning oldini olish va fosh etishning zamonaviy usullari Buxoro viloyatida qo‘llanila boshlandi.

O‘zbekistonda ichki ishlar organlari xodimlari huquqbuzarliklarning oldini olish va fosh etishda dronlardan foydalanishni boshladi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” IIV Huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Rahimjon Naimovga tayanib.
Uchuvchisiz apparatlar o‘rnatilgan birinchi hudud Buxoro viloyati bo‘ldi. Prezident topshirig‘iga ko‘ra, viloyat hokimligi 150 ta dron sotib oldi. Hozirda ular bilan huquqni muhofaza qilish organlarining beshta viloyatdagi 84 ta bo‘linmasi ta’minlanmoqda, qo‘shimcha xaridlar masalasi ko‘rib chiqilmoqda.
2026-yil oxirigacha barcha tuman va shahar bo‘linmalarini uchuvchisiz uchish apparatlari bilan to‘liq ta’minlash rejalashtirilgan. Dronlar asosan kriminogen vaziyat murakkab bo‘lgan hududlarda huquqbuzarliklarning oldini olish, mayda bezorilik, ekologik huquqbuzarliklar va giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq huquqbuzarliklarni aniqlashda qo‘llaniladi.
“Barcha xodimlar ham dronlarni boshqara olmaydi. Profilaktika katta inspektorlari bosqichma-bosqich o‘qitiladi. Ayni paytda Buxoro va Farg‘ona viloyatlarida inspektorlar tayyorlangan. Ular sertifikat olganidan keyingina dronlarni boshqarish huquqiga ega bo‘ladi”, — dedi Rahimjon Naimov.
Avvalroq o‘zbekistonliklarga maktabdanoq dronlarni boshqarish o‘rgatilishi haqida xabar berilgandi. Shuningdek, maktab o‘quvchilari o‘rtasida kibersport va robototexnika bo‘yicha musobaqalar o‘tkazish rejalashtirilgan.
Izohlar