O‘zbekiston

O‘zbekistonda hosilni sug‘urtalash boshlanadi

Shuningdek, hukumat Agrar sohada to‘lov agentligini tashkil etishni rejalashtirmoqda.

O‘zbekistonda 2026-yildan boshlab paxta, shuningdek, g‘alla, meva va dukkakli ekinlar hosilini ixtiyoriy sug‘urtalash tizimini joriy etish rejalashtirilmoqda, deb xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.

Ilg‘or tajriba va texnologiyalar asosida paxta yetishtirish samaradorligini oshirish, qishloq xo‘jaligini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha takliflar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda davlatimiz rahbariga bir qator tashabbuslar bildirildi. Xususan, Agrar sohada to‘lovlar agentligini tashkil etish ana shunday takliflardan biri bo‘ldi.

U hozirda turli vazirlik va idoralar tomonidan fermerlarga berilayotgan 75 turdagi subsidiyalarni yagona raqamli platformaga birlashtirishi rejalashtirilgan. Shunday qilib, tashkilot jarayonni soddalashtirishga va qishloq xo‘jaligi faoliyati bilan shug‘ullanadigan fuqarolar uchun byurokratik to‘siqlar va sansalorlikni sezilarli darajada kamaytirishga yordam berishi kerak.

Bundan tashqari, hukumat 2026-yildan boshlab paxta, g‘alla, meva va dukkakli ekinlar hosilini ixtiyoriy sug‘urtalash tizimini joriy etishni taklif qildi. Qayd etilishicha, ushbu tizim doirasida sug‘urta mukofoti summasining 50 foizi davlat budjeti hisobidan qoplab beriladi. Davlat rahbari bu takliflarni ma’qulladi.

Avvalroq O‘zbekistonda fermer va dehqonlar o‘z mahsulotlarini sotishda QQS to‘lamasligi haqida xabar berilgandi. Prezident oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni yanada rag‘batlantirish bo‘yicha topshiriq berdi.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная