O‘zbekistonda hokimning raqamlashtirish va sun’iy intellekt masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimi joriy etiladi
Shuningdek, 2026-yilda hukumat hududlarda sun’iy intellektni joriy etishni baholash reyting tizimini ishga tushirishni rejalashtirmoqda.

O‘zbekiston shahar va tumanlarida hokimning raqamlashtirish va sun’iy intellekt masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimi joriy etilishi to‘g‘risida prezident matbuot kotibi ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hududlar va tarmoqlarda sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda hokimliklar tomonidan tegishli lavozimni tashkil etish taklifi ilgari surilgan. Barcha vazirlik va hokimliklarga o‘zlarida sun’iy intellektni rivojlantirish bo‘yicha alohida bo‘linma tashkil etish topshirildi.
Ushbu bo‘linma AI kuchlaridan foydalangan holda mehnat samaradorligi va xizmatlar sifatini oshirish, ortiqcha xarajatlarni kamaytirish, shuningdek, hududlarda yashirin iqtisodiyot va byurokratiyaga qarshi kurashish bo‘yicha yechimlarni izlash bilan shug‘ullanishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, endi o‘z sohasida raqamlashtirishga mas’ul vazir va rahbar o‘rinbosarlari ham o‘z yo‘nalishida sun’iy intellektni rivojlantirish va joriy etish bilan shug‘ullanadi. Shuningdek, hukumat 2026-yilda vazirliklar va hududlarda sun’iy intellektni joriy etishni baholash reyting tizimini ishga tushirishni rejalashtirmoqda.
Avvalroq davlat tilini bilmaydiganlar sun’iy intellekt tufayli o‘zbek tilida gaplasha olishi haqida xabar berilgan edi. Shavkat Mirziyoyev davlat tilini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.
Izohlar