1 Avgust 2024, 08:17 Oʻzbekiston

O‘zbekistonda ham anor ta’mli ichimlik sifat talablariga javob bermasligi tasdiqlandi

Ichimlik tarkibida “Azorubin, E 122” nomli rang beruvchi modda me’yordan ortiqligi aniqlangan.

O‘zbekistonda ham anor ta’mli ichimlik sifat talablariga javob bermasligi tasdiqlandi

Tarmoqlarda “Royal” savdo belgisidagi anor sharbatlari tarkibida inson salomatligi uchun xavfli moddalar borligiga oid xabarlar tarqaldi. Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi matbuot xizmati bu borada o‘z o‘rganishlari natijalarini ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, “Royal” anor ichimliklarining tamg‘alanishi (markirovka) bo‘yicha UzTR.490-022:2017 “Oziq-ovqat mahsulotlarini tamg‘alash yuzasidan uning xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglamenti”ning 8-, 36-, 53- va 58-bandlari talablariga nomuvofiqligi aniqlangan.

Laboratoriya xulosasiga ko‘ra, mahsulot tarkibida “Azorubin, E 122” moddasi belgilangan me’yordan ortiq ekani ma’lum bo‘lgan.

UzTR.490-022:2017 “Oziq-ovqat mahsulotlarini tamg‘alash yuzasidan uning xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglament”ning 36-bandiga muvofiq, tarkibida rang beruvchilar (E122 azorubin, E sariq xinolin, FCF E110 sariq “quyosh botishi”, AC E129 qizil maftunkor, 4R E124 ponso va E102 tartrazin) mavjud bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari uchun “Tarkibida rang beruvchi (rang beruvchilar) mavjud, ular bolalarning faolligiga va diqqatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin” degan ogohlantiruvchi yozuv yozilishi kerak, deyiladi rasmiy izohda.

Inspeksiya, yuqoridagilarni inobatga olgan holda, inspeksiya bir qancha qonunlar va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablarini bajarmaslik qonunbuzilishiga olib kelishini eslatgan.

Mashhur yangiliklar