26 Avgust 2024, 13:48 Oʻzbekiston

O‘zbekistonda hafta o‘rtasida salqin va yomg‘irli ob-havo bo‘lishi kutilmoqda

26-30 avgust kunlari O‘zbekiston hududiga nisbatan salqin havo kirib kelishi prognoz qilinmoqda.

O‘zbekistonda hafta o‘rtasida salqin va yomg‘irli ob-havo bo‘lishi kutilmoqda

O‘zbekiston hududiga hafta o‘rtasida nisbatan salqin havo kirib keladi va harorat foni 2-3 darajaga pasayadi, deb xabar bermoqda “O‘zgidromet”.

Ma’lum qilinishicha, 26—27-avgust kunlari O‘zbekiston bo‘yicha quruq va iliq ob-havo saqlanib turadi. Hududning katta qismida havo harorati 32-35 daraja atrofida, janubda 36-38 darajagacha bo‘ladi.

Chorshanba va payshanba kunlari havo harorati kunduz kunlari 27-30 daraja atrofida, janubda 35 darajagacha bo‘ladi. Kechasi va erta tongda harorat 17-20 darajagacha pasayishi kutilmoqda.

Juma kunidan boshlab harorat asta-sekin ko‘tariladi, haroratning ushbu ko‘tarilishi dam olish kunlarida ham davom etadi. Kunduz kungi harorat yana 30-35 darajagacha ko‘tariladi.

28-avgust, chorshanba kuni Toshkent, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarining ayrim joylarida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin. 28—29-avgust kunlari Farg‘ona vodiysi viloyatlarida, shuningdek, respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida momaqaldiroqli qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin.

Sharqiy yo‘nalishdagi shamol, g‘arbdan 9-14 metr/sekund tezlikda esadi, 28-avgustda baʼzi joylarda 15-20 metr/sekundgacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zon bilan kuzatilishi mumkin.

Toshkentda asosan yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi kutilmoqda, faqat 28-avgustda biroz qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin, shamol tezligi 10-12 metr/sekundgacha kuchayishi mumkin. Harorat asosan kechalari 15-20 daraja, kunduz kunlari 26—27-avgustda 30-33 daraja, 28-29-avgustda 27-30 daraja bo‘ladi.

Mashhur yangiliklar