O‘zbekistondagi dorixonalarning 20 foizi tibbiy spirt o‘rniga loson bergan. Shu sababli, Raqobat qo‘mitasi Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markaziga murojaat yo‘llagan. Bu haqda Qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Idora ma’lumotlariga ko‘ra, fuqarolardan dorixonalar ustidan shikoyatlar kelib tushmoqda. Xodimlar fuqarolarga spirt o‘rniga losyon sotgani aytilmoqda. Shu munosabat bilan Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan “Sirli mijoz” tadbiri doirasida dorixonalarda tarkibida spirt bo‘lgan mahsulotlarni sotish holati o‘rganildi.
O‘rganish davomida 20 dan ortiq dorixonalar qamrab olinib, ularning qariyb 25 foizida iste’molchilarga spirt so‘ralganda tibbiy spirt o‘rniga losyon berilgani aniqlandi. Shu bilan birga, dori vositalarini ishlab chiqarishda GDP sertifikatlarini joriy etish va sifat nazoratini kuchaytirish davrida ayrim spirt ishlab chiqaruvchilar litsenziya olmagan va losonlar ishlab chiqarishni boshlagan.
Ushbu holat bo‘yicha iste’molchilarga to‘liq ma’lumot berilmagan, bu esa ularni chalg‘itishga olib kelgan. Ma’lumki, 70% li tibbiy spirt sog‘liqni saqlash sohasida keng qo‘llaniladi, xususan:
- inyeksiyalardan oldin teriga ishlov berish;
- asboblar va uskunalarni sterilizatsiya qilish;
- jarohatlarga ishlov berish va ularni davolash;
- jarrohlik aralashuvlarida qo‘llash.
Losyon esa tarkibida spirt miqdori kamroq bo‘lgan kosmetik mahsulot bo‘lib, asosan quyidagilar uchun mo‘ljallangan:
- terini tozalash va ortiqcha yog‘lilikni kamaytirish;
- pardoz-andoz vositalari qoldiqlarini olib tashlash.
Shu munosabat bilan tibbiy spirt o‘rniga loson taklif qilish kutilgan natijani bermasligi va iste’molchilar sog‘lig‘iga zarar yetkazishi mumkin. Mazkur holat, o‘z navbatida, iste’molchilarga noto‘g‘ri ma’lumotlar taqdim etilishiga va natijada ularga zarar yetkazilishiga olib kelmoqda.
Raqobatni rivojlantirish qo‘mitasi qayd etilgan holatlarni iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi amaldagi qonun hujjatlari talablari buzilganligining alomatlari sifatida baholaydi. Bu esa dorixonalarga nisbatan tegishli ish qo‘zg‘atilishiga sabab bo‘lishi mumkin. Bu kabi holatlarning oldini olish maqsadida Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markaziga tegishli xat yuborilgan.
Eslatib o‘tamiz, umumiy ovqatlanish joylari tashrif buyuruvchilarga qo‘shimcha to‘lovlar qo‘shmaslik haqida ogohlantirilgan. Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi fuqarolarning shikoyatlariga javob berdi.





















