O‘zbekistonda dori vositalarining noqonuniy aylanmasi uchun jazo kuchaytirilishi kutilmoqda
Rasmiylar jinoiy javobgarlikni qo‘shishni, shuningdek, jarimalarni oshirishni rejalashtirmoqda.

O‘zbekistonda retsept bo‘yicha beriladigan dori vositalarining noqonuniy aylanmasi uchun jazoni kuchaytirish rejalashtirilmoqda, deb xabar bermoqda Qonunchilik palatasi matbuot xizmati.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2022-2025 yillarda huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan 18 mlrd so‘mlik 285 ming dona dori vositalari noqonuniy muomaladan olib qo‘yilgan. Shu bilan birga, 2024-yilda bunday holatlar soni 2022-yilning shu davriga nisbatan uch baravarga oshgani ta’kidlandi. Deputatlarning ta’kidlashicha, bunday huquqbuzarliklar uchun amaldagi qonunchilik sanksiyalari nomutanosib bo‘lib, dori vositalari va tibbiy buyumlarning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yish va oldini olish mexanizmlarini takomillashtirish talab etiladi.
Shu munosabat bilan Jinoyat kodeksi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirishlar kiritish rejalashtirilmoqda. Jumladan, tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan retsept bo‘yicha beriladigan dori vositalarini chakana realizatsiya qilish tartibini ko‘p miqdorda yoki ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin buzganlik uchun jinoiy javobgarlikni joriy etish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, Jinoyat kodeksiga BHMning 200 baravaridan 300 baravarigacha (82,4 mln so‘mdan 123,6 mln so‘mgacha) miqdorda jarima qo‘shish rejalashtirilgan.
MJTKda tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar bo‘lmagan dori vositalarini ham, tarkibida shunday moddalar bo‘lgan dori vositalarini ham chakana realizatsiya qilish tartibini buzganlik uchun jarimalar miqdori oshiriladi. Hujjatning qabul qilinishi aholi salomatligini ishonchli himoya qilish, dori vositalarini realizatsiya qilishda talablarga qat’iy rioya etilishini ta’minlash, shuningdek, ushbu sohadagi huquqbuzarliklarga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga xizmat qilishi rejalashtirilgan.
Hujjat kuchga kirgunga qadar Qonunchilik palatasida yana bir bor o‘qilishi, Senat tomonidan ma’qullanishi va prezident tomonidan imzolanishi kerak.
Avvalroq O‘zbekistonda sifatsiz dori vositalari sotiladigan dorixonalarga reydlar o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi. Natijada mutaxassislar xorijda ishlab chiqarilgan noqonuniy dori vositalarini sotgan sakkizta tashkilotni aniqladi.
Izohlar