O‘zbekistonda brakonyerlarga qarshi kurashish oyligi e’lon qilindi
Fuqarolar qonun buzilishi holatlari haqida xabar berishga chaqirildi.

O‘zbekistonda noyabr “Brakonyerlikka qarshi kurashish oyligi” deb e’lon qilindi, deya xabar bermoqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi matbuot xizmati.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu muddat davomida barcha muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda, shuningdek, mamlakatning cho‘l va tog‘li hududlarida hamda tabiiy suv havzalarida mutaxassislar tomonidan tegishli tashkilotlar bilan birgalikda o‘simlik va hayvonot dunyosidan noqonuniy foydalanish, shu jumladan noqonuniy baliq ovlashni aniqlash va oldini olish bo‘yicha reydlar o‘tkaziladi.
Qayd etilishicha, buning uchun har bir hududda tezkor guruhlar tuzilgan. Shuningdek, mutaxassislar tomonidan hayvonot va o‘simlik dunyosi obyektlaridan foydalanish, ov qilish va baliq ovlash qoidalariga rioya qilish bo‘yicha tushuntirish va profilaktika ishlari olib borilmoqda. Mamlakat aholisi va mehmonlariga agar ular brakonyerlik holatlariga guvoh bo‘lsa, Ekologiya vazirligiga (71) 207-11-07, (71) 207-11-08, 1157, 1207 qisqa raqamlari yoki @ecogovuz_bot orqali murojaat qilishlari kerakligi eslatib o‘tildi.
Avvalroq O‘zbekistonda ekologlarga qurol va elektroshokerlar berilmoqchi ekani haqida xabar berilgandi. Inspektorlar avtomobilini maxsus yorug‘lik va tovush signallari bilan jihozlamoqchi.
Izohlar