29 Avgust 2024, 09:38 Oʻzbekiston

O‘zbekistonda bog‘cha direktori lavozimiga nomzod ko‘rsatishning yangi tartibi joriy qilinadi

2025 yildan maktabgacha ta’lim tashkiloti direktori lavozimiga nomzod ko‘rsatishning yangi tartibi joriy qilinadi.

O‘zbekistonda bog‘cha direktori lavozimiga nomzod ko‘rsatishning yangi tartibi joriy qilinadi

Vazirlar Mahkamasi “Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktori lavozimiga nomzodlarni menejerlik o‘quv kurslariga o‘qitish, ularga menejerlik sertifikatini berish va nomzodlarni lavozimga tayinlash tizimini joriy etish to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Unga muvofiq, 2025 yil 1 yanvardan boshlab Maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktor va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish institutida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti direktori lavozimiga nomzodlarni menejerlik o‘quv kurslarida o‘qitish va ularga maxsus portal orqali menejerlik sertifikatini elektron shaklda berish tizimi joriy qilinadi.

2025 yil 1 sentabrdan boshlab menejerlik sertifikatiga ega bo‘lgan tashkilot direktoriga ushbu sertifikatning amal qilish muddati davomida lavozim maoshiga har oylik 30 foiz qo‘shimcha ustamalar to‘lanadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, viloyatlar hamda Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmalari tomonidan menejerlik sertifikatiga ega bo‘lgan nomzodlar orasidan tashkilot direktori lavozimiga nomzodlar zaxirasi shakllantiriladi. Bunda tashkilot direktori vakant lavozimlariga nomzodlar faqat sertifikati mavjud bo‘lgan nomzodlar zaxirasiga kiritilgan kadrlar orasidan tanlab olinadi.

Qori Niyoziy nomidagi Tarbiya pedagogikasi milliy instituti maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari direktori lavozimiga nomzodlar uchun tarbiya jarayonlarini samarali boshqarish bo‘yicha kontent materiallarini ishlab chiqishda ko‘maklashadi.

Ushbu qaror bilan Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktori lavozimiga nomzodlarni menejerlik o‘quv kurslarida o‘qitish va ularga menejerlik sertifikatini berish tartibi to‘g‘risidagi nizom hamda Qori Niyoziy nomidagi Tarbiya pedagogikasi milliy institutining tuzilmasi ham tasdiqlandi.

Mashhur yangiliklar