O‘zbekistonda avtomobillarni iqtisodiy me’yorlarga muvofiqligini tekshirish tartibi soddalashtirildi
O‘zgarishlar 20-sentyabrdan kuchga kirdi.

O‘zbekistonda yengil avtomobillar va yuk mashinalari uchun alohida ekologik sertifikat olish qoidasi bekor qilindi, deyiladi Vazirlar Mahkamasi qarorida.
Ma’lumotlarga ko‘ra, majburiy tartib 2025-yil 20-sentyabrdan bekor qilinadi. Endilikda ekologik me’yorlarga muvofiqlik ishlab chiqaruvchining hujjatlari yoki akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriyadagi sinovlardan foydalangan holda muvofiqlik sertifikati yoki turni tasdiqlash asosida tan olinadi. Xususan, ekologik toifa talablariga muvofiqlikni aniqlash uchun ariza beruvchi quyidagi hujjatlardan birini taqdim etishi kerak bo‘ladi:
- transport vositalarini ishlab chiqaruvchi mamlakatda transport vositasini ishlab chiqarish paytida “Yevro-4” ekologik toifasi talablaridan past bo‘lgan g‘ildirakli transport vositalarini ishlab chiqarish taqiqlanganligini tasdiqlovchi qonun hujjatlari;
- ishlab chiqaruvchi yoki uning vakolatli vakilining transport vositalari “Yevro-4” ekologik toifa talablaridan past emasligi to‘g‘risidagi rasmiy xati;
- transport vositalarining “Yevro-4” toifasidan past bo‘lmagan ekologik toifa talablariga muvofiqligini tasdiqlovchi boshqa texnik hujjatlar.
Shu tariqa, mamlakatga “Yevro-4” standartidan past bo‘lgan mashinalarni olib kirish hamon taqiqlanadi. Shu bilan birga, gibridlardan tashqari elektr dvigatellari bilan jihozlangan avtomobillar ekologik talablarga muvofiqligi baholanmaydi.
Avvalroq O‘zbekistonda yangi yengil avtomobillarni sotib olish kamaygani haqida xabar berilgandi. Sotuvlarning pasayishi ham mahalliy, ham xorijiy avtomobillarga ta’sir ko‘rsatdi.
Izohlar