24 Iyul 2024, 16:17 Oʻzbekiston

O‘zbekistonda 6 oyda ishdagi baxtsiz hodisalardan qancha xodim vafot etgani ochiqlandi

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi 2024-yilning birinchi yarmida qancha xodim ishdagi baxtsiz hodisalar oqibatida vafot etganini ma’lum qildi.

O‘zbekistonda 6 oyda ishdagi baxtsiz hodisalardan qancha xodim vafot etgani ochiqlandi

O‘zbekistonda 2024-yilning birinchi yarmida ish vaqtida sodir bo‘lgan baxtsiz hodisalar oqibatida xodimlarning 101 nafari vafot etgan. Bu haqda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi axborot xizmati ma’lum qildi.

Uning qayd etishicha, 2024-yilning 6 oyi davomida sodir bo‘lgan 387 ta baxtsiz hodisa oqibatida 416 nafar xodim jabrlangan, 303 nafari og‘ir va 12 nafari yengil tan jarohati olgan, 101 nafari vafot etgan.

Baxtsiz hodisalar tufayli xodimlar yoki ularning oila a’zolariga 823 million so‘mdan ortiq tovon pullarini undirish yuzasidan sudlarga da’vo arizalar kiritilib, shundan 10 nafar fuqaroga 274 million so‘m undirib berildi va qolganlari bo‘yicha jarayon davom etmoqda.

Baxtsiz hodisalarning eng katta qismi — 26 foizi qurilish sohasiga to‘g‘ri kelgan.

374 ta holatda korxonaning faoliyati to‘liq tekshirilib ijrosi majburiy bo‘lgan yozma ko‘rsatmalar hamda 63 nafar mansabdor shaxsga nisbatan ma’muriy jarimalar qo‘llanilgan. Shu kabi holatlarning oldini olish maqsadida chora-tadbirlar belgilanib, to‘plangan materiallar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan.

Мавзуга оид хабарлар:

Mashhur yangiliklar