O‘zbekistonda o‘qituvchilar va bog‘cha tarbiyachilarining o‘rtacha ish haqini bosqichma-bosqich oshirish rejalashtirilmoqda, deyiladi jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingan hujjatda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, rasmiylar o‘qituvchi va tarbiyachilarning ish haqini 2 baravar oshirishni rejalashtirmoqda. Xususan, joriy darajaga nisbatan 2026-yilda — 0,4 barobarga, 2027-yilda — 0,8 barobarga, 2028-yilda — 1,2 barobarga, 2029-yilda — 1,6 barobarga, 2030-yilga borib — 2 barobarga oshirish rejalashtirilgan.
Shuningdek, hujjat 500 mingga yaqin pedagog xodimlarni uzluksiz malaka oshirish dasturlari bilan qamrab olishni nazarda tutadi. Bunda asosiy e’tibor zamonaviy ta’lim tizimida talab qilinadigan kasbiy ko‘nikmalarni yangilash va kompetensiyalarni rivojlantirishga qaratilishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, hukumat budjet hisobidan talab yuqori bo‘lgan mutaxassisliklar va chekka hududlar uchun pedagogika yo‘nalishida tahsil olayotgan bitiruvchilar ulushini 17 foizga yetkazmoqchi — bu islohotlarning yana bir yo‘nalishi bo‘ladi. Bu pedagog kadrlar maqomini oshirish, ularning bilim va kasbiy ko‘nikmalarini xalqaro standartlarga moslashtirishga xizmat qilishi rejalashtirilgan.
Avvalroq O‘zbekistonda musiqa va jismoniy tarbiya o‘qituvchilariga sertifikatga ega bo‘lgan taqdirda qo‘shimcha haq to‘lanishi haqida xabar berilgandi. Pedagoglar amaliy va test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tishi kerak bo‘ladi.




















