O‘zbekiston va Yaponiya mamlakatdagi qon markazlari, shuningdek, 3 ta qon quyish stansiyasini zamonaviy uskunalar bilan jihozlash uchun 2,3 million dollardan ortiq mablag‘ ajratishga kelishib oldi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, tomonlar 360 mln iyena miqdoridagi “Iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish dasturi” Almashuv notalarini imzolagan. Ushbu bitim doirasida Yaponiya hukumati O‘zbekiston bo‘ylab 14 ta mintaqaviy qon markazini, shuningdek, respublika klinikalari qoshidagi 3 ta qon quyish stansiyasini zamonaviy qon saqlash va tashish uskunalari bilan jihozlash uchun beg‘araz asosda mablag‘ ajratadi.
Loyihaning amalga oshirilishi mamlakatning donor qoniga bo‘lgan o‘sib borayotgan ehtiyojini qondirish, shuningdek, ixtiyoriy donorlik tartibida olingan qondan ishlab chiqariladigan qon preparatlari ulushini oshirish imkonini beradi. Shuningdek, tashabbus O‘zbekiston aholisining xavfsiz qon preparatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishni ta’minlashi va ilg‘or yapon texnologiyalarini qo‘llash orqali milliy sog‘liqni saqlash tizimini yaxshilashga hissa qo‘shishi kerak.
Qayd etilishicha, Markaziy Osiyoning besh davlati bilan o‘zaro manfaatli munosabatlarni mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan “CA+JAD Tokio tashabbusi” doirasida sog‘liqni saqlash va tibbiyot sohasi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan. Ushbu hamkorlik mazkur yo‘nalishning amaliy ifodasidir.
Avvalroq deputatlar qon donorlariga to‘lanadigan haqni oshirish masalasini muhokama qilayotgani xabar qilingandi. Qonun loyihasi yangi yildan kuchga kirishi kerak edi.




















