O‘zbekiston va Turkmaniston to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni tiklaydi
Ikki tomonlama parvozlarni yo‘lga qo‘yish imkoniyati yaqin kelajakda paydo bo‘lishi mumkin.

O‘zbekiston va Turkmaniston to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni tiklashga kelishib oldi. Bu haqda transport vaziri Ilhom Mahkamov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Turkmanistonda Shavkat Mirziyoyev, Xalq Maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedov va Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyevning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Muzokaralar yakunida bir qator hujjatlar, jumladan, Ilhom Mahkamov va “Turkmenxovayollar” raisi Dovran Saburov o‘rtasida fuqaro aviatsiyasi sohasida hamkorlikni rivojlantirish to‘g‘risidagi bayonnoma imzolandi.
Mahkamovning qayd etishicha, ushbu hujjat kelgusida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish uchun zamin yaratadi.
“Bugungi kunda Turkmaniston bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar mavjud emas. Biz hujjatni imzoladik, yaqin kelajakda mamlakatlar o‘rtasida ikki tomonlama aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish imkoniyati paydo bo‘ladi”, — dedi O‘zbekiston Transport vazirligi rahbari.
Izohlar