15 Mart 2025, 18:18 Oʻzbekiston

O‘zbekiston va Rossiya JST bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda

Tomonlar O‘zbekistonning savdo tashkilotiga qo‘shilishi jarayonidagi “hal etilmagan masalalar"ni muhokama qildi.

O‘zbekiston va Rossiya JST bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda

O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi jarayonida O‘zbekiston va Rossiya bozorga kirish bo‘yicha muzokaralar olib bordi. Bu haqda prezidentning JST masalalari bo‘yicha maxsus vakili Azizbek Urunov o‘zining “LinkedIn»dagi sahifasida ma’lum qildi.

11-mart kuni bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Rossiya Federatsiyasi iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Reshetnikov va uning o‘rinbosari Vladimir Ilichev bilan uchrashdi. Unda O‘zbekistonning JSTga qo‘shilishi doirasida bozorga kirish bo‘yicha “hal etilmagan masalalar” muhokama qilindi.

“Muzokaralar foydali, mazmunli va konstruktiv bo‘ldi. Hozir har ikkala tomon ham oldinga siljishdan manfaatdor”, — deb yozdi Urunov.

JST bo‘yicha maxsus vakil rossiyalik hamkasblariga taqdim etilgan materiallarga tezkor javob bergani uchun minnatdorchilik bildirdi.

Rossiya Federatsiyasi Iqtisodiyot vazirligi rahbari o‘rinbosari Vladimir Ilichev o‘zbekistonlik hamkorlar bilan birgalikda Sankt-Peterburg, Astraxan, Moskva, Omsk va Sverdlovsk viloyatlarida savdo uylari, yirik transport-logistika va ulgurji-taqsimlash markazlarini ochish ustida ish olib borilayotganini ma’lum qildi.

2024-yilning noyabr oyida Azizbek Urunov O‘zbekiston Rossiya, Yevropa Ittifoqi, Buyuk Britaniya hamda Shveysariya kabi davlatlar bilan muzokaralarni yakunlashi kerakligini qayd etgandi. Shuningdek, u bu kabi mamlakatlar “ko‘p qolmagani»ni bildirdi.

Mashhur yangiliklar