2 Dekabr 2024, 08:20 Jahon, Oʻzbekiston, Sport

O‘zbekiston fuqarolari Xitoyga vizasiz sayohat qilishi mumkin

O‘zbekiston va Xitoy TIV rahbarlari fuqarolar har ikki mamlakatga 30 kun davomida vizasiz sayohat qilish imkonini beruvchi bitimni imzolagan.

O‘zbekiston fuqarolari Xitoyga vizasiz sayohat qilishi mumkin

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I bilan uchrashuv o‘tkazdi. Vazir o‘z sahifasida ma’lum qilishicha, tomonlar fuqarolar ikki mamlakatga 30 kun davomida vizasiz sayohat qilish imkonini beruvchi bitimni imzolagan.

«O‘zbekiston va Xitoy davlat rahbarlari o‘rtasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida bugun hamkasbim bilan birgalikda fuqarolarimizga ikki mamlakatga 30 kun davomida vizasiz sayohat qilish imkonini beruvchi bitimni imzoladik. Bu hujjat aloqalarimizni yanada faollashtirish, savdo aylanmasini oshirish va xalqlar o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirish yo‘lidagi yana bir muhim qadamdir», – deyiladi xabarda.

Vizasiz rejim qachondan kuchga kirishiga hozircha aniqlik kiritilmagan. Bu haqda qo‘shimcha ma’lumot beriladi.

O‘zbekiston 2020 yil 1 yanvardan boshlab Xitoy fuqarolari uchun vizasiz rejim o‘rnatgan. Avvaliga 7 kun bo‘lgan muddat, 2021 yil 1 martdan e’tiboran 10 kungacha uzaytirilgan.

Xitoy tomoni ham o‘zbekistonliklar uchun vizasiz rejim o‘rnatishni rejalashtirayotgani haqida 2023 yil may oyida ikki davlat rahbarlarining qo‘shma bayonotida aytilgan edi.

Joriy yil noyabr oyi oxirida o‘zbek diplomatlari Xitoy rasmiylari bilan vizasiz rejim masalasida muzokara o‘tkazgandi.

Mashhur yangiliklar