31 Oktabr 2024, 17:49 Oʻzbekiston

Navoiyda qurollangan yigitlar janjallashdi. Qurbon bor

Konimex tumanida 10 nafar yigit kelishmovchilik ortidan cho‘lga borib janjallashdi, ulardan biri vafot etdi.

Navoiyda qurollangan yigitlar janjallashdi. Qurbon bor

Navoiy viloyati Konimex tumanidagi janjal oqibatida bir yigit halok bo‘ldi. Bu haqda “Yangi Davr” ko‘rsatuvida xabar berildi.

Ta’kidlanishicha, voqea kelishmovchilik ortidan kelib chiqqan. Ikki aka-uka “ko‘cha tili”da gaplashib olish uchun raqibini cho‘lga chaqirgan.

O‘z o‘rnida, u ham 7 nafar do‘sti bilan qurollangan holda voqea joyiga yetib kelgan. Janjal esa pichoqbozlikka aylanib ketgan. Yakunda ov miltig‘idan osmonga o‘q uzilgan.

Janjal paytida yigitlardan biri boshqasiga ikki marta pichoq urib, og‘ir tan jarohati yetkazgan. Jabrlanuvchi olgan tan jarohatlari oqibatida vafot etgan.

Men faqat ukamni himoya qilmoqchi bo‘ldim. Ataylab odam o‘ldirmadim, degan raqibini pichoqlagan yigit.

Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ish Uchquduq tuman sudida ko‘rib chiqilgan. 8 nafar sudlanuvchi 1 yildan 3,5 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilingan.

Qotillikda ayblangan yigit bo‘lsa Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “l” bandi (Bezorilik oqibatida qasddan odam o‘ldirish) va 277-moddasi 3-qismi “a” bandi (Takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan bezorilik) bilan aybli deb topilib, 15 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.

Mashhur yangiliklar