Navoiyda 8 yoshli qiz mashina bosib ketishi oqibatida halok boʻldi
Xatirchi tumanida yuqori tezlikdagi BYD Song Plus Champion mashinasi piyodalar oʻtish joyidan oʻtayotgan 2-sinf oʻquvchisini bosib ketdi.
1-iyul kuni soat 19:20 atrofida Navoiy viloyati Xatirchi tumanida 8 yoshli qiz yoʻl transport hodisasi oqibatida halok boʻldi.
Qayd etilishicha, holat tumandan oʻtgan 4R48 avtomobil yoʻlda sodir boʻlgan. BYD Song Plus Champion avtomashinasi tartibga solinmagan piyodalar oʻtish joyidan oʻtayotgan 2-sinf oʻquvchisini urib yuborgan.
Tarmoqlarda tarqalgan videoda yuqori tezlikda harakatlanayotgan 2 ta avtomobil piyodalar oʻtish joyiga yaqinlashib, fuqarolar oʻtayotganini koʻrgan boʻlsa-da, tezlikni pasaytirmagani va ularga yoʻl bermaganini koʻrish mumkin. Oldindagi mashina oʻtib ketgan, uning tez harakati taʼsirida qiz yiqilib tushgan va shu paytda orqadan 135−140 km/soat tezlikda kelayotgan BYD Song Plus Champion uni bosib ketgan.
Hodisa oqibatida qiz olgan tan jarohati sabab voqea joyida vafot etgan. Holat boʻyicha Jinoyat kodeksning 266-moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.