7 Yanvar 2025, 11:23 Oʻzbekiston

Namanganda ikki kishini Hajga yuborish evaziga 10 ming dollar olgan shaxs ushlandi

Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Namanganda ikki kishini Hajga yuborish evaziga 10 ming dollar olgan shaxs ushlandi

Huquq-tartibot idoralari tezkor tadbirlari davomida Haj va Umra ziyoratlari bilan bog‘liq firibgarlik holatlari aniqlandi, deb xabar berdi O‘zA.

Jumladan, Namangan shahrida yashovchi O.S. (1966 y.t.) fuqaro hamda uning onasini turizm yo‘nalishida faoliyat yurituvchi MCHJ orqali 2025-yilgi Haj mavsumida Saudiya Arabistoniga yuborish evaziga 10 ming AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Boshqa holatda esa Guliston shahrida faoliyat yurituvchi sayyohlik firmasi ta’sischisi G‘.A. tegishli litsenziyaga ega bo‘lmasa-da, Sirdaryo tumanida yashovchi fuqaro va uning 4 nafar qarindoshini Umra ziyoratiga yuborish evaziga 6000 dollar talab qilgan. U oldindan 400 dollar va 1,3 mln so‘m olgan vaqtida qo‘lga tushdi.

Bunday noqonuniy holatlar Surxondaryo viloyatida ham qayd etildi. Xususan, Sariosiyo tumanidagi sayyohlik firmasi ishchisi D.R. hech qanday vakolati bo‘lmay turib, Umraga yuborish evaziga 1100 dollar va 200 ming so‘m olgan.

Denov shahridagi sayyohlik firmasi rahbari Sh.Q. ham shu xizmat uchun 1000 dollar va 1 mln 280 ming so‘m olgan vaqtida ushlangan. Bundan tashqari, Denov tumanida yashovchi X.N. (1990 y.t.) fuqaroga o‘zi ishlayotgan sayyohlik yo‘nalishidagi MCHJ orqali Umraga borish uchun imtiyozli yo‘llanmasi borligini aytib, Saudiya Arabistoniga ziyoratga yuborish evaziga 1200 dollar va 650 ming so‘m olgan vaqtida qo‘lga olindi.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mashhur yangiliklar