Metro bekatida farzandli bo‘lgan ayolga cheksiz yo‘l chiptasi beriladi
Shuningdek, metropoliten rahbariyati tug‘ruqni qabul qilgan navbatchi Naima Mahamadjanovani ham rag‘batlantirishni rejalashtirmoqda.

Toshkent metropoliteni rahbariyati metro bekatlaridan birida tug‘ilgan chaqaloqqa cheksiz sayohatlar uchun karta sovg‘a qilishni rejalashtirmoqda, deb xabar bermoqda kompaniya matbuot xizmati.
Ma’lumotlarga ko‘ra, maxsus karta ona va yangi tug‘ilgan chaqaloqqa topshirilishi rejalashtirilgan. Bu ularga bir umr metro xizmatlaridan bepul foydalanish imkonini beradi.
Shuningdek, tug‘ruqni qabul qilib, xizmat davomida hushyorlik va jasorat namunasini ko‘rsatgan navbatchi Naima Mahamadjonovani ham rag‘batlantirish rejalashtirilgan. Qayd etilishicha, u bilan birga ushbu tadbirda ishtirok etgan bir qator metropoliten xodimlarini ham rag‘batlantirish rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, voqea 6-oktyabr kuni G‘afur G‘ulom metro bekatida sodir bo‘lgandi. Naima Mahamadjanova bilim va ko‘nikmalarini ishga solib, tezkorlik bilan birinchi yordam ko‘rsatdi va ayolning sog‘-salomat tug‘ishiga ko‘maklashdi. Navbatchi tug‘ruqdan keyingi zarur choralarni ko‘rdi – kindikni bog‘ladi va chaqaloqning nafas olish refleksini rag‘batlantirdi.
Shundan so‘ng metro xodimlari tez yordam va tug‘gan ayolning yaqinlarini chaqirishgan. Shifokorlar kelguniga qadar stansiya xodimlari ona va bolaning ahvolini nazorat qilib, ularning xavfsizligini ta’minlagan. Ona va yangi tug‘ilgan chaqaloqning sog‘lig‘i yaxshi — ular kasalxonaga olib ketildi.
Izohlar