O‘zbekiston

MB iqlim o‘zgarishini inflyatsion shoklar qatoriga kiritdi

Anomal sovuq yoki issiq havo energiya ta’minotida uzilishlarga va iqtisodiyotda xarajatlarning oshishiga olib kelishi mumkin.

Markaziy bank iqlim va ob-havo o‘zgarishlarini inflyatsion shoklar qatoriga kiritdi, deya xabar bermoqda iqtisodchi Otabek Bakirov.

Regulyator ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda iqlim va ob-havo sharoitlarining keskin o‘zgarishi ortib bormoqda, bu esa mamlakat suv ta’minoti barqarorligiga xavf tug‘diradi hamda qishloq xo‘jaligi va iqtisodiyotga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Kutilmagan qurg‘oqchilik hosildorlikni pasaytirishi va ichki bozorda oziq-ovqat mahsulotlari taklifini kamaytirishi mumkin.

Bundan tashqari, anomal sovuq yoki issiq havo energiya ta’minotida uzilishlarga va iqtisodiyotda tranzaksiya xarajatlarining keskin oshishiga olib kelishi mumkin. Bu nafaqat aholining turmush darajasiga, balki inflyatsion kutilmalarning shakllanishiga ham ta’sir qiladi.

Oziq-ovqat xavfsizligi bilan bog‘liq xavotirlarning ortishi iste’mol bozorida noaniqlik muhitini kuchaytirmoqda, bu esa iste’mol va investitsiya sohasida qarorlar qabul qilish jarayoniga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin, — deyiladi xabarda.

Mazkur shok ta’sirida inflyatsiya darajasi bazaviy ssenariydan 0,5-0,6 foizga oshishi, YIM darajasi esa 0,35-0,45 foizga pasayishi mumkin. Iqlim va ob-havo sharoitlarining yomonlashuvi natijasida narxlarning oshishi tufayli, ushbu omillarning inflyatsion kutilmalarga ta’sirini oldini olish uchun monetar siyosat uzoq vaqt davomida qat’iyroq darajada qolishi mumkin.

Avvalroq Markaziy bank asosiy stavkani saqlab qolgani xabar qilingandi. Sentyabr oyida inflyatsiya biroz pasaydi.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная