31 Oktabr 2024, 09:39 Oʻzbekiston

Maktab darsliklari ijarasi uchun to‘lovni tiklash taklif etildi

2025-2027-yillarga moʻljallangan Byudjetnoma loyihasida maktab darsliklari ijarasi uchun to‘lovni tiklash taklif etilgan.

Maktab darsliklari ijarasi uchun to‘lovni tiklash taklif etildi
Фото: «Газета.uz»

Iqtisodiyot va moliya vazirligi eʻlon qilgan 2025-2027-yillarga moʻljallangan Byudjetnoma loyihasida maktab darsliklari uchun ijara pullarini qayta tiklash taklif etilgan.

Unda qayd qilinishicha, umumtaʻlim maktablarini darsliklar bilan taʻminlashda ota-onalar ishtirokini oshirish maqsadida 2025/26-oʻquv yilidan 2–11-sinflarda bir toʻplam darslik va mashq daftarlari uchun ijara toʻlovi undirish tizimini qayta yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan.

Taʻkidlanishicha, 2024-yilda bir oʻquvchi uchun bitta darslik va ish daftarlarining oʻrtacha narxi 450−500 ming soʻmni (shundan mashq daftarlari — 100−150 ming soʻmni) tashkil etgan. Hujjatda bir toʻplam uchun 80 ming soʻm (tannarxning 16-18 foizi) miqdorida toʻlovni qayta tiklash taklif etilgan. Ushbu toʻlovlar hisobiga shakllangan 376,6 mlrd soʻm mablagʻ har yili oʻquvchilarni mashq daftarlari bilan taʻminlash xarajatlarining bir qismini qoplashga yoʻnaltirilishi taʻkidlangan.

Iqtisodiyot va moliya vazirligiga koʻra, “darsliklar va mashq daftarlarining toʻliq davlat budjeti hisobidan chop etilishi ota-onalar masʻuliyati pasayib ketishi va darsliklarga nisbatan eʻtiborsiz munosabatda boʻlish holatlarini keltirib chiqarmoqda”.

Mashhur yangiliklar