Tovarlarini elektron platformalar orqali sotuvchilarga soliqlar oshirilishi mumkin
O‘zbekistonda tovarlarni elektron platformalar orqali sotuvchilarga soliqlarni oshirish taklif etilmoqda.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2025-yil uchun taqdim etgan Byudjetnoma bilan O‘zbekistonda 2025-yilda asosiy soliqlarni o‘zgarishsiz qoldirish rejalashtirilmoqda.
Foyda solig‘i 15 foiz, QQS va jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i — 12 foiz, aylanmadan olinadigan soliq — 4 foiz, yuridik shaxslar mol-mulki solig‘i 1,5 foiz bo‘ladi. Qishloq xo‘jaligi yerlarini sug‘orish uchun suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq 1 kub metri uchun 100 so‘mga tenglashtiriladi.
Tovar va xizmatlarni elektron platformalar orqali sotuvchilarga foyda solig‘ini oshirish, ya’ni 10 foiz (amalda 7,5 foiz) va aylanmadan olinadigan soliqni 3 foiz (amalda 2 foiz) stavkada belgilash taklif etilmoqda.
Shuningdek, JSTning subsidiyalar va kompensatsiya choralari to‘g‘risidagi bitimiga asosan tovar va xizmatlar eksportidan olinadigan daromadlar bo‘yicha foyda va aylanma soliq imtiyozlarini bekor qilish taklif etilmoqda. 2023-yilda bu imtiyozlar hajmi 1,13 trillion so‘mni tashkil etgan.
Aylanmadan olinadigan soliqning qatʼiy stavkalari 30/40 million so‘m miqdorida o‘rnatilmoqda va mazkur tartibni qo‘llash muddati 2026-yil 1-yanvar (amalda muddat belgilanmagan) etib belgilanmoqda.
Yakka tartibdagi tadbirkorlarning qat’iy belgilangan miqdordagi soliq stavkalarini 10 foizga oshirish rejalashtirilgan. Faoliyat turi va joylashgan hududiga qarab minimal va maksimal stavkalar ham joriy etiladi.
Yakka tartibdagi tadbirkorlarning qatʼiy belgilangan miqdorlardagi soliq stavkalarini inflatsiya darajasidan kelib chiqib 10 foizga oshirish rejalashtirilgan va faoliyat turi va joylashgan hududiga qarab eng kam va eng yuqori stavkalari (diapazon) belgilanmoqda.
Jami yillik daromadi 100 million so‘mgacha bo‘lgan yakka tartibdagi tadbirkorlarning xodimlariga oylik ish haqidan 12 foiz stavkadagi jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini yoki yakka tartibdagi tadbirkor uchun belgilangan qatʼiy daromad solig‘ining 50 foizini to‘lash huquqi berilmoqda.
Shuningdek, bozor va savdo majmualaridagi bozorlardagi yakka tartibdagi tadbirkorlar xodimlari uchun ijtimoiy soliqni BHMning 1 baravarigacha kamaytirish taklif etilmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq deputatlari kengashlariga o‘rnatilgan qatʼiy soliq stavkalarining eng kam va eng yuqori stavkalari (diapazoni) doirasida tuman va shaharlarning iqtisodiy rivojlanish darajasidan kelib chiqib yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun qatʼiy soliq stavkalari miqdorini belgilash vakolati berilmoqda.
Bundan tashqari, kelasi yildan jismoniy va yuridik shaxslarning turar va noturar ko‘chmas mulkiga solinadigan mol-mulk solig‘i 10 foizga oshirilishi mumkin. Shu bilan birga, yuridik va jismoniy shaxslardan olinadigan yer solig‘ining bazaviy stavkasi ham 10 foizga indeksatsiya qilinadi.
Мавзуга оид хабарлар:
Endi reytingi yuqori tadbirkorlik subyektlariga nisbatan soliq tekshiruvlari o‘tkazilmaydi Ayrim tadbirkorlarga to‘lagan solig‘ining bir qismi qaytarib beriladi O‘zbekistonda ayrim turdagi soliq stavkalari oshiriladi Maktab darsliklari ijarasi uchun to‘lovni tiklash taklif etildi O‘rta tadbirkorlik sub’yektlari 9 oyda qancha soliq to‘lagani ochiqlandi