5-yanvar kuni prezidentning “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yo‘nalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjatga ko‘ra, mahallalarda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish bo‘yicha samarali tizimni yaratishga qaratilgan manzilli ishlarni tashkil etish uchun 2026-yilda muayyan hududlar mas’ul rahbar va muassasalarga quyidagi tartibda biriktiriladi:

  • kriminogen vaziyat og‘ir bo‘lgan mahallalar bo‘yicha — tuman (shahar) hokimlari, prokurorlar va IIB boshliqlari hamda ularning o‘rinbosarlari zimmasiga;
  • besh yil davomida “qizil” toifada bo‘lgan mahallalar — Milliy gvardiyaning hududiy boshqarmalari boshliqlari, viloyat darajasidagi IIB boshliqlari o‘rinbosarlari va hokim o‘rinbosarlari tomonidan;
  • uch yil davomida “qizil” toifada qolayotgan mahallalar — huquqni muhofaza qiluvchi organlarning ta’lim va ilmiy tashkilotlariga;
  • kriminogen vaziyat eng og‘ir bo‘lgan tumanlar va shaharlar — viloyat darajasidagi prokurorlar va IIB boshliqlarining birinchi o‘rinbosarlari;
  • xotin-qizlar, spirtli ichimliklar va giyohvand moddalarni suiiste’mol qiluvchi shaxslar hamda nizoli oilalar o‘rtasida jinoyatchilik eng ko‘p sodir etilgan mahallalar — tegishli ravishda viloyat darajasidagi oila va xotin-qizlar, sog‘liqni saqlash va adliya boshqarmalari boshliqlariga.