Kam ta’minlangan oilalarga kreditlar uchun davlat byudjetidan yuz milliardlab so‘m ajratiladi
Vazirlar Mahkamasi mablag‘ berishning yangi tartibini tasdiqladi.

O‘zbekistonda Kam ta’minlangan oilalar reyestriga kiritilgan oilalarga kredit berish tartibi tasdiqlandi, deb yozadi Norma.
Hujjatda kam ta’minlangan oilalar tomonidan ariza berish, ularni ko‘rib chiqish, arizalarni baholash va ular bo‘yicha xulosa berish tartibi belgilandi. Ushbu kreditlar bo‘yicha foiz to‘lovlari Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan Kambag‘allikni qisqartirish davlat maqsadli jamg‘armasiga foiz stavkasi bo‘yicha hisoblanadi.
Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturining Oilakredit.uz yagona elektron platformasi orqali biznesni boshlash uchun noutbuklar va boshqa asosiy uskunalar, kichik ishlab chiqarish uskunalari, ko‘chma do‘konlar (fudtraklar), skuterlar, samokatlar va boshqa mol-mulklarni xarid qilish uchun garovsiz kreditlar ajratiladi.
2025-yilda kam ta’minlangan oilalarga kreditlar berish uchun 250 mlrd so‘m ajratiladi. Ushbu mablag‘lar Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida avvalgi yillarda berilgan kreditlarni so‘ndirishga yo‘naltiriladi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston 2030-yilgacha mutlaq qashshoqlikka barham berishni rejalashtirmoqda. Davlat rahbari buning uchun mamlakatda barcha imkoniyatlar borligini ta’kidladi.
Izohlar