Mikrokreditlar xavf-xatarlar to‘g‘risida ogohlantirish bilan beriladi
Mamlakatda kreditlarning agressiv reklamasi tufayli aholi o‘rtasida qarz yuki keskin oshgan.

Raqobat qo‘mitasi Markaziy bank bilan birgalikda “Reklama to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirishlar kiritishni taklif qildi.
Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda mikrokreditlar va iste’mol kreditlari bozorida faollikning o‘sishi kuzatilmoqda. Shu bilan birga, ayrim kredit tashkilotlarining agressiv marketingi va reklamasi tufayli aholi o‘rtasida qarz yukining keskin oshishi kuzatilmoqda.
Aksariyat hollarda bunday kompaniyalar reklamasida aholining e’tibori tez va oson kredit olish imkoniyatlariga qaratiladi. Biroq, bunday yondashuv kelajakda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan moliyaviy risklar to‘g‘risida yetarlicha ma’lumot bermaydi.
Shu munosabat bilan Raqobat qo‘mitasi Markaziy bank bilan birgalikda “Reklama to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirishlar kiritishni taklif qildi. Takliflarga ko‘ra, kreditlarni, shu jumladan mikrokreditlarni reklama qilishda reklama vaqtining kamida 10 foizi moliyaviy xatarlar to‘g‘risida ogohlantirishga ajratilishi kerak.
Ushbu tashabbus aholining moliyaviy savodxonligini oshirish, ongli kreditlash madaniyatini shakllantirish va ortiqcha qarz yukining oldini olishga qaratilgan. Raqobat qo‘mitasi fuqarolarni har qanday kredit majburiyatlarini olishda o‘z moliyaviy imkoniyatlarini aniq va mas’uliyat bilan baholashga, shuningdek, bunday xizmatlar bilan bog‘liq shartlar, foiz stavkalari va to‘lov majburiyatlarini diqqat bilan o‘rganishga chaqiradi, — deyiladi xabarda.
Mavzuga doir: O‘zbekistonliklarning mikrokreditlar bo‘yicha qarzdorligi oshmoqda — MB Markaziy bank mikroqarzlar bo‘yicha talablarni kuchaytirishni rejalashtirmoqda.
Izohlar