IIV rahbariyati YHXB sobiq boshlig‘ining rafiqasi jarimalaridan ozod etilganiga munosabat bildirdi
Idora boshlig‘i o‘rinbosari jazo muqarrarligini ta’kidladi.

Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Bekmurod Abdullayev Farg‘ona viloyati YHXB sobiq boshlig‘i Akmal Ahmedovning turmush o‘rtog‘iga yo‘l harakati qoidalarini buzgani uchun yuzdan ortiq jarimalar hisobdan chiqarilganiga izoh berdi, deb yozadi “Gazeta.uz” matbuot anjumaniga tayanib.
Bekmurod Abdullayevning aytishicha, boshqarma o‘zi uchun xulosa chiqargan. Xususan, har bir xodim va barcha rahbarlar tekshiriladi. Idora vakili zarurat tug‘ilsa, shaxsiy transport vositasi yoki boshqa narsasi ham tekshirilib, jarimaga tortilsa, lavozimidan qat’i nazar, jazodan qochib qutulolmasligiga ishontirdi.
“Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati boshlig‘i bo‘ladimi, vazir o‘rinbosari bo‘ladimi, uning [jarimalarni bekor qilish] vakolati yo‘q. Uning bunday texnik imkoniyati ham yo‘q. Ahmedov noto‘g‘ri ish qildi, u qo‘l ostidagilarni ham noto‘g‘ri xatti-harakatlarga undash orqali [jarimalarni] bekor qilishga erishdi. Bu holat bugun emas, ertaga baribir oshkor bo‘lardi. Xabaringiz bor, barcha jarimalar undirilgan. Qolaversa, u ishdan olinib, barchasiga huquqiy baho berildi. Nafaqat Ahmedovga, balki vaziyatga aloqador barcha xodimlarga chora ko‘rildi”, — dedi Bekmurod Abdullayev.
Ta’kidlash joizki, jarimalar bilan bog‘liq voqea ijtimoiy tarmoqlarda katta shov-shuvga sabab bo‘ldi. Ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘onada so‘nggi bir necha yil davomida Malibu 2 haydovchisiga qo‘yilgan 106 ta jarima asossiz bekor qilingani haqida xabarlar tarqaldi. Mahalliy aholi bu mashina ularga “yaxshi tanish” ekanini aytishdi. Qayd etilishicha, yo‘l harakati qoidalarini buzgani uchun bir necha bor qayd etilgan avtomobil viloyat YHXB boshlig‘i Akmal Ahmedovning rafiqasiga tegishli bo‘lgan.
YHXB o‘shanda bu ma’lumotni qisman tasdiqlab, mutaxassislar tizimni tovlamachilik, korrupsiya kabi illatlardan tozalash bo‘yicha ish olib borayotgan bir paytda boshqarma boshlig‘i o‘zining yaqin qarindoshiga tegishli Malibu-2 rusumli avtomashinada sodir etilgan huquqbuzarliklarni noqonuniy ravishda yashirishga uringani ma’lum bo‘lgandi. Shuningdek, mutaxassislar barcha qoidabuzarliklar uchun jarimalar to‘liq undirilgani, Farg‘ona viloyati YHXB boshlig‘ining o‘zi esa ishdan bo‘shatilganini ma’lum qildi.
Izohlar