16 Avgust 2024, 13:15 Oʻzbekiston

IIO xodimlarini tasvirga olib tarqatishni taqiqlovchi qonun rad etdi

Senat huquq-tartibot xodimlari videolarini “obro‘sizlantirish maqsadida” tarqatishni taqiqlovchi qonunni ma’qullamadi.

IIO xodimlarini tasvirga olib tarqatishni taqiqlovchi qonun rad etdi

Oliy Majlis Senati 16-avgustdagi yalpi majlisda huquq-tartibot idoralari xodimlari faoliyatiga oid tasvirlarni “obro‘sizlantirish maqsadida” tarqatganlik uchun jazoni nazarda tutuvchi qonunni ma’qullamadi.

Qonun qayta ko‘rib chiqish uchun qaytarildi. Endi parlament palatalarining kelishuv komissiyasi tuziladi.

“Yo‘l harakati xavfsizligi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi, Jinoyat-protsessual kodeksi va O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun 2023-yil 28-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda deputatlar tomonidan qabul qilib, Senat muhokamasiga yuborilgandi.

Unda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining jamoat xavfsizligini ta’minlash bilan bog‘liq xizmat vazifalarini bajarishi chog‘ida olingan foto va videotasvirlarni ularni obro‘sizlantirish maqsadida, ya’ni yolg‘on, noaniq yoki buzib ko‘rsatilgan ma’lumotlarni internetga joylashtirish BHMning 50 baravari miqdorida jarima solishga yoki 15 sutka muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘lishi ko‘rsatilgan.

Mashhur yangiliklar