Hududlarda yer maydonlari olib berishni vaʼda qilgan shaxslar ushlandi
Mazkur holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Toshkent shahrining Mirobod, Andijon viloyatining Asaka, Navoiy viloyatining Qiziltepa hamda Xorazm viloyatining Yangibozor tumanlarida yer maydonlari olib berishni vaʼda qilgan shaxslar ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, Mirobod tumanida fuqaro P.D. va boshqalar o‘zaro til biriktirib, fuqarolar A.D. va X.N.ga Ohangaron davlat o‘rmon xo‘jaligiga tegishli yer maydoni hududidan uzoq muddatli ijara shartnomasi asosida ajratilgan 2 gektar yer maydonini fuqaro F.Sh.ga 61 ming dollarga sotishga kelishib, yer maydoni hujjatlarini tanishlari yordamida uning nomiga rasmiylashtirib berishini aytib, oldindan 20 ming dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shu kabi, fuqaro N.T. fuqaro A.P.ning yaqin qarindoshiga Asaka tumani “Yoshlar sanoat zonasi” hududidan ajratilgan 5 sotix yer maydonini go‘yoki tuman hokimligida ishlovchi tanishlari yordamida uning nomiga rasmiylashtirib olib berishi evaziga 20 ming dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Fuqaro Sh.B. auksion savdosi orqali sotib olgan Qiziltepa tumanidagi 3 sotix yer maydonini hamda ushbu hududga tutash yana 4 sotix yer maydonini fuqaro X.P.ga 15 ming dollarga sotishga kelishib, go‘yoki yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari yordamida yer maydoni hujjatlarini 4 ming dollar evaziga rasmiylashtirib berishini vaʼda qilib, jami 19 ming dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Shuningdek, fuqaro N.A. fuqaro A.B.ning ishonchiga kirib, unga Yangibozor tumani “Xalqobod” massivida joylashgan hokimlik zaxirasidagi 6 sotix yer maydonini go‘yoki kadastr bo‘limida ishlovchi tanishlari yordamida rasmiylashtirib olib berishi evaziga 1 000 dollar va 17,5 mln so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Мавзуга оид хабарлар:
Toshkent shahri transport bosh boshqarmasiga yangi rahbarlar tayinlandi Toshkentdagi ikkita koʻchada harakat qariyb 20 kunga cheklanadi Toshkentda isitish quvurida avariya yuz berdi Toshkentdagi International mehmonxonasi 26 mln dollarga sotildi Bektemir va Mirzo Ulug‘bek tumanlarida “svet” vaqtincha o‘chiriladi