O‘zbekistonda tuman va shahar hokimlari o‘rinbosarlari sonini oltitadan to‘rttaga qisqartirish rejalashtirilmoqda, deyiladi prezidentning hokimliklar faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risidagi farmoni loyihasida.

Mamlakatda hokim o‘rinbosarlari sonini to‘rt nafar etib belgilash taklif etilmoqda. 2026-yil yakuniga qadar 32 ta tuman va shaharda yangi boshqaruv tartibi joriy etiladi. Uning doirasida to‘qqizta vazirlik va idoraning hududiy bo‘linmalari hokimliklar tuzilmasiga kiradi.

Hokimlar ushbu tuzilmalarni mustaqil boshqaradi: shtatlar sonini belgilaydi, kadrlarni tayinlaydi va ozod qiladi, rag‘batlantirish yoki intizomiy jazo choralarini qo‘llaydi.