FHDYda ro‘yxatdan o‘tishda tibbiy ko‘rik natijalarini talab qilish to‘xtatiladi
2028-yilga borib YIDXP orqali ko‘rsatiladigan xizmatlar sonini 900 taga yetkazish rejalashtirilgan.

O‘zbekistonda 1-dekabrdan boshlab FHDY organlarida nikohni qayd etishda tibbiy ko‘rik natijalarini talab qilish to‘xtatiladi, deb xabar bermoqda Adliya vazirligi matbuot xizmati.
Prezident “Davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimini takomillashtirish hamda sohada byurokratik tartibotlarni tubdan qisqartirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. Hujjatning maqsadi 2028-yilga borib YIDXP orqali ko‘rsatiladigan xizmatlar sonini 900 taga yetkazishdan iborat.
Shuningdek, proaktiv davlat xizmatlari sonini 53 taga, kompozit davlat xizmatlari sonini esa 74 taga yetkazish rejalashtirilgan. Farmonga ko‘ra, 2025-yil 1-dekabrdan quyidagi talablar bekor qilinadi:
- nikohni FHDY organlarida qayd etishda tibbiy ko‘rik natijalarini taqdim etish;
- sud qarori bilan nikohdan ajratilgan taqdirda nikohdan ajratish to‘g‘risidagi dalolatnoma yozuvini rasmiylashtirishda sud qarorini taqdim etish;
- avtomototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomada transport vositasi egasining manzilini ko‘rsatish.
Avvalroq O‘zbekistonda yil boshidan buyon qancha yosh oilalar paydo bo‘lgani ma’lum bo‘lgandi. Eng ko‘p nikohlar Samarqandda tuzilmoqda.
Izohlar