Farg‘onada o‘qituvchilarni maktabda tun-u kun navbatchilik qilishga majburlagan 37-maktab direktori lavozimidan ozod etildi, deya xabar bermoqda viloyat MMTB matbuot xizmati.
Holat o‘rganilganda, 37-sonli umumta’lim maktabi direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi pedagogik jamoaga o‘z xizmat vazifasiga kirmaydigan vazifalarni yuklab, amaldagi qoidalarga zid ravishda 24 soatlik navbatchilikni talab qilgani ma’lum bo‘ldi.
Viloyat MMTB boshqarmasining 2025 yil 6 yanvardagi buyrug‘iga asosan 37-maktab direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi lavozimidan ozod etilgan. Tizim rahbarlari kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik haqida ogohlantirildi.
Avvalroq maktab direktori buyruq imzolagani, unga ko‘ra o‘qituvchilar “maktab hududida tartib va osoyishtalikni saqlash, muassasa jamoasi va o‘qituvchilarning xavfsizligi va salomatligini ta’minlash maqsadida” 25-dekabrdan 6-yanvargacha (13 kun) 24 soatlik navbatchilikka majburan jalb qilingani haqida xabar berilgandi.




















