10 Iyul 2024, 18:36 Oʻzbekiston

Fargʻonada chiqindi tashuvchi korxonalar aholiga 40 mlrd soʻm asossiz qarz yozgani aniqlandi

Raqobat qoʻmitasi oʻrganishidan keyin asossiz qarzdorliklar isteʼmolchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilib berilishi taʼminlangan.

Fargʻonada chiqindi tashuvchi korxonalar aholiga 40 mlrd soʻm asossiz qarz yozgani aniqlandi

Fargʻona viloyatida sanitar tozalash korxonalari isteʼmolchilarga asossiz qarzdorlik hisoblagani aniqlandi. Bu haqda Raqobat qoʻmitasi xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, Fargʻona viloyatida sanitar tozalash korxonalari tomonidan 871 ta mahalla (3148,9 ming aholi)ga chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish xizmatlari koʻrsatib kelinmoqda. Bu xizmatlar viloyatning 82 foiz mahallasi yoki 77,4 foiz aholisini qamrab olgan.

Oʻrganish jarayonida 2023-yil hamda 2024-yilning 6 oyi davomida chiqindi tashish xizmatini koʻrsatish uchun isteʼmolchi abonentlar-xonadonlarga hisoblangan qarzdorlik summalari tahlil qilingan. Tahlil natijalariga koʻra, 2023-yilda isteʼmolchi abonentlar xonadonlariga hisoblangan qarzdorlik summalari tarkibidagi koʻrsatilmagan xizmatlar qismi uchun 767 068 ta xonadonda yashovchi 3 141 658 nafar isteʼmolchiga jami 30 mlrd soʻmdan ortiq qarzdorlik hisoblanganligi hamda ushbu koʻrsatkichlar 2024-yiling 6 oyi davomida 784 095 ta xonadonda yashovchi 3 146 985 nafar isteʼmolchiga jami 10 mlrd soʻmga yaqin qarzdorlik hisoblanganligi maʼlum boʻlgan.

Qoʻmitaning Fargʻona viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan xizmat koʻrsatuvchi subyektlar isteʼmolchilarga ushbu xizmat turini koʻrsatilishi davomida “Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonun talablarini buzganligi aniqlangan. Hisoblangan 40 mlrd soʻmdan ortiq asossiz qarzdorliklar isteʼmolchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilingan.

Mashhur yangiliklar