28 Sentabr 2024, 16:55 Oʻzbekiston

Farg‘onada betob qizning nomidan sahifa ochib, yig‘ilgan pullarni o‘zlashtirgan shaxs ushlandi

Gumonlanuvchi sahifaga qizning suratlari bilan o‘zining karta raqamlarini qo‘ygan va tushgan pullarni o‘zlashtirib yuborgan.

Farg‘onada betob qizning nomidan sahifa ochib, yig‘ilgan pullarni o‘zlashtirgan shaxs ushlandi

Farg‘ona viloyatida yashovchi shaxs bemor qizning fotosuratlarini iternetga qo‘yib xayriya pullarini yig‘gan va ularni o‘zlashtirib yuborgan. Bu haqda IIV Kiberxavfsizlik markazi xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, Qoraqalpog‘istonda yashovchi ayol I.G. IIBga ariza bilan murojaat qilib, noma’lum shaxs qizining fotosuratini ijtimoiy tarmoqlarga joylaganini va unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik bo‘linmalari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, mazkur jinoyatni Farg‘ona viloyatida yashovchi D.M. sodir etgani aniqlangan.

Gumonlanuvchi sifatida tergov organlariga jalb etilgan D.M., arizachi I.G.ning betob qizi X.L.ning nomidan ijtimoiy tarmoqlarda akkaunt ochib, qizning fotosurati va video tasvirlarini hamda o‘zining bank kartalarini uning nomidan joylagan.

So‘ng operatsiya uchun xalqdan yordam puli so‘rab, aldash yo‘li orqali fuqarolarning xayriya tariqasida o‘tkazgan pullarini o‘zlashtirib kelgan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan D.M.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Mashhur yangiliklar