24 Fevral 2025, 11:58 Oʻzbekiston

Fargʻonada avtomobil yoʻlining bir qismi oʻpirilib tushdi

Hodisa oqibatida yoʻldan oʻtayotgan “Damas” chuqurga agʻdarilib ketgan.

Fargʻonada avtomobil yoʻlining bir qismi oʻpirilib tushdi

Ijtimoiy tarmoqlarda Fargʻona viloyatida avtomobil yoʻlining bir qismi oʻpirilib tushgani, hodisa oqibatida yoʻldan oʻtayotgan “Damas” chuqurga agʻdarilib ketgani tasvirlangan videolar tarqaldi. Viloyat FVB holat yuzasidan maʼlumot berdi.

Bildirilishicha, joriy yilning 23-fevral kunidan 24-fevral kuniga oʻtar kechasi Fargʻona viloyati Bagʻdod tumani “Qaxat” MFY hududidan oʻtgan D-105 “Fargʻona halqasi” avtomobil yoʻlining 286-kilometrida favqulodda hodisa yuz bergan. Yoʻlning oʻng tomonidan oqib oʻtuvchi Fargʻona kanalida suv sathi koʻpayib avtomobil yoʻlining tag qismidan sizib oʻtishi oqibatida asfalt yoʻl qoplamasida choʻkish yuzaga kelgan.

Fargʻona viloyati Avtomobil yoʻllari bosh boshqarmasi matbuot xizmatiga koʻra, mazkur hududda taʼmirlash ishlari olib borilayotganligi sababli vaqtincha transport vositalari harakati cheklangan. Cheklov vaqtida ushbu hududni aylanib oʻtishlik uchun 40V 047 “Bagʻdod-Dasht- Ultarma” (Qoʻqon-Fargʻona) va 40V 046 “Yangi qoʻrgʻon-Ultarma-Qaqir” (Fargʻona-Qoʻqon) avtomobil yoʻllari orqali harakat tashkil etilgan.

Qoʻshimcha qilinishicha, taʼmirlash ishlari 24-fevral kuni soat 18:00 ga qadar yakunlanib, transport vositalarining harakati qayta yoʻlga qoʻyilishi rejalashtirilgan.

“Ushbu cheklov vaqtida tirbandliklar hosil qilmay aylanma yoʻllar orqali harakatlanishingizni soʻrab qolamiz”, deyiladi tegishli tashkilotlar munosabatida.

Mashhur yangiliklar