12 Iyul 2024, 14:35 Oʻzbekiston

Fargʻona viloyatida rahbarlar har kuni 5 nafar tadbirkorni qabul qiladi

Viloyat hokimi, uning oʻrinbosarlari, 19 ta tuman va shahar hokimlari har kuni 5 nafar tadbirkor va investorni qabul qilib, ularning muammolarini hal etadi.

Fargʻona viloyatida rahbarlar har kuni 5 nafar tadbirkorni qabul qiladi

Fargʻona viloyatida hududiy rahbarlarning masʼuliyatini oshirish boʻyicha yangi tizim joriy etiladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev juma kuni Quvada boʻlib oʻtgan yigʻilishda maʼlum qildi, deya xabar berdi uning matbuot kotibi Sherzod Asadov.

Viloyat hokimi va uning barcha oʻrinbosarlari, shuningdek, viloyatdagi 19 ta tuman va shahar hokimlari har kuni besh nafar tadbirkor va xorijiy investorlarni qabul qilib, ularning muammolarini hal etishi kerakligi taʼkidlandi.

Ular, shunindek, har hafta televideniye, radio orqali aholi va tadbirkorlarga boʻlayotgan oʻzgarishlarni aytib borishi kerak.

Yil yakunida ularning faoliyati sarhisob qilinib, tegishli chora koʻriladi, dedi davlat rahbari. Viloyat kengashi deputatlari ham komissiya tuzib, har bir raqamni nazoratga olishi muhimligi qayd etildi.

Yigʻilishda Fargʻona viloyati oxirgi yetti yilda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmining oʻsishi boʻyicha mamlakatda oxirgi oʻrinda ekani taʼkidlandi.

Bir qator korxonalarda ishlab chiqarish hajmi pasaygan, ayrimlari faoliyatini toʻxtatgan, ayrimlari roʻyxatdan oʻtgan tadbirkorlar faoliyat koʻrsatmayapti, boshqalarida aylanma va ish oʻrinlari toʻgʻrisida maʼlumotlar yoʻq, bu esa yashirin faoliyatdan dalolat beradi.

Mashhur yangiliklar