DXX hududlarda noqonuniy yer savdosining oldini oldi
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Toshkent, Farg‘ona va Andijon viloyatlarida yer maydonlarini noqonuniy sotish holatlari aniqlanib, jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.
Toshkent viloyatining Qibray tumanida faoliyat yurituvchi MCHJ rahbari Parkent tumanidagi chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jalik rahbari bilan o‘zaro til biriktirib, mazkur fermer xo‘jalikka tegishli 42,5 gektar yer maydonini xaridorga go‘yoki 51 gektar ekanligini aytib, uni 580 ming AQSH dollariga sotishga kelishgan.
Ammo, ular oldindan 550 ming AQSH dollari olgan vaqtlarida Davlat xavfsizlik xizmati va ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
DXX va IJQKD xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Nurafshon shahrida yashovchi, 1968-yilda tug‘ilgan shaxs o‘zining turmush o‘rtog‘iga O‘rtachirchiq tumani hududidan obodonlashtirish va bog‘ barpo etish uchun ajratib berilgan 3,64 gektar yer maydonining 2 gektarini 1971-yilda tug‘ilgan tanishi bilan kelishgan holda, xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 560 ming AQSH dollari talab qilib, oldindan 60 ming AQSH dollari olgan vaqtlarida ularning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yildi.
Farg‘ona viloyatida kuzatilgan holatda esa, Dang‘ara tumanida yashovchi, 1985-yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan fuqaro 2017-yilda tuman hokimligi tomonidan bog‘dorchilik yo‘nalishida foydalanish uchun o‘ziga ajratib berilgan 1,3 gektar yer maydonida issiqxona qurishga ruxsat olingani haqida yolg‘on gapirib, 410 ming AQSH dollari evaziga uni xaridor nomiga rasmiylashtirib berishini aytgan.
Ammo, u so‘ralgan pul mablag‘idan 35 ming AQSH dollari olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.
Qo‘qon shahrida qayd etilgan holatda, 1991-yilda tug‘ilgan fuqaro tadbirkorning ishonchiga kirib, shahar hokimligi zaxirasida bo‘lgan 5 sotix yer maydonini go‘yoki o‘ziga tegishli ekanini aytib, uning nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 50 ming AQSH dollari talab qiladi. Lekin, u so‘ralgan pul mablag‘idan avans sifatida 20 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.
Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, uning sherigi bo‘lgan 1956-yilda tug‘ilgan shaxs hokimiyat tizimida ishlovchi tanishlari yordamida ushbu yer maydoni bo‘yicha tegishli hujjatlarni tayyorlab berish evaziga 5 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlangan.
DXXning Andijon viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi departament bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda Andijon shahrida yashovchi, 1981-yilda tug‘ilgan fuqaro shahar hududidagi “Bo‘ston” yoshlar kichik zonasida joylashgan 10 sotix yer maydonini mansabdor tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 46 ming AQSH dollari talab qilib, oldindan 25 ming AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Мавзуга оид хабарлар:
Toshkentda pirotexnika buyumlarini sotayotgan shaxslar ushlandi Toshkent shahri transport bosh boshqarmasiga yangi rahbarlar tayinlandi Farg‘ona aeroporti vaqtincha yopildi Toshkentdagi ikkita koʻchada harakat qariyb 20 kunga cheklanadi Toshkentda isitish quvurida avariya yuz berdi