13 Iyul 2024, 09:55 Oʻzbekiston

Chirchiqda Janubiy Qozogʻiston universitetining filiali ochiladi

Iqtisodiyot tarmoqlari uchun yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash reja qilingan filialga belgilangan tartibda litsenziya olinganidan soʻng taʼlim faoliyati bilan shugʻullanishga ruxsat etiladi.

Chirchiqda Janubiy Qozogʻiston universitetining filiali ochiladi

Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida Muxtor Auezov nomidagi Janubiy Qozogʻiston universitetining filiali tashkil etiladi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori qabul qilindi.

Quyidagilar filial faoliyatining asosiy yoʻnalishlari etib belgilandi:

  • iqtisodiyot tarmoqlari uchun zamonaviy talablar asosida xalqaro taʼlim standartlariga muvofiq yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash;
  • taʼlim, ilm-fan hamda ishlab chiqarishning uzluksizligi va izchilligi tamoyillari, shuningdek, jahonning nufuzli oʻquv-ilmiy markazlari bilan uygʻun integratsiyalashuv asosida kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini joriy etish;
  • zamonaviy bilim va koʻnikmalarga ega mutaxassislarni tayyorlash jarayoniga ilgʻor hamda masofaviy texnologiyalarni keng joriy etish, yuqori malakali professor-oʻqituvchilarni va koʻp yillik ish stajiga ega boʻlgan amaliyotchilarni jalb etish;
  • xorijiy davlatlarning yetakchi oliy taʼlim tashkilotlari, ilmiy tadqiqot markazlari va biznes-hamjamiyatlar bilan uzoq muddatli hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, rivojlantirish hamda mustahkamlash;
  • ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarning professional mahorati darajasi hamda sifatini uzluksiz oshirib borish, xorijiy davlatlardagi yetakchi oliy taʼlim tashkilotlarida malaka oshirishini va stajirovka oʻtashini taʼminlash;
  • fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlar olib borish hamda ularning natijalarini amaliyotga joriy etish, ilmiy-tadqiqot institutlari bilan hamkorlikda ilmiy-texnik vazifalarni hal etishga yoʻnaltirilgan amaliy va innovatsion izlanishlarni amalga oshirish.

Filialga abituriyentlarni qabul qilish va bitiruvchilarni attestatsiyadan oʻtkazish ishlari Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan kelishilgan holda, universitet tomonidan belgilanadigan talablar, tartib va muddatlarga muvofiq amalga oshiriladi. Filial bitiruvchilariga Oʻzbekistonida oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi hujjat sifatida tan olinadigan universitetning belgilangan namunadagi diplomi beriladi.

Filialga belgilangan tartibda litsenziya olingandan soʻng taʼlim faoliyati bilan shugʻullanishga ruxsat etiladi. Shuningdek, filialning har yilgi qabul parametrlarining 5 foizdan kam boʻlmagan qismi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning qobiliyatli va iqtidorli boʻlgan farzandlari orasidan tanlov asosida abituriyentlarni bepul oʻqishga qabul qilish uchun ajratiladi.

Мавзуга оид хабарлар:

Mashhur yangiliklar