Buxorodagi 47 ta “zapravka”da narxlar sun’iy ravishda oshirilgani aniqlandi
Buxoro viloyatida 47 ta gaz to‘ldirish shoxobchasida sun’iy narx oshirish holatlari aniqlandi.

Raqobat qo‘mitasining Buxoro viloyat hududiy boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan monitoring natijalariga ko‘ra, avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalarida siqilgan gaz narxi sun’iy ravishda oshirilgani aniqlandi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2024-yil 6-dekabriga qadar Buxoro viloyatida 1 m³ siqilgan gaz uchun chakana narx 3850−3950 so‘m oralig‘ida bo‘lgan. Biroq 7−9-dekabr kunlari ushbu narx 4150 so‘mgacha ko‘tarilgan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, bu 8 foizgacha narx oshishiga olib kelgan.
Hududiy boshqarma tomonidan “Raqobat to‘g‘risida”gi qonun hamda Vazirlar Mahkamasining 256-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablari asosida tekshiruv o‘tkazildi. Unda raqobatlashayotgan xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan narx oshirilishi sun’iy tarzda amalga oshirilgani va bu orqali raqobatga qarshi kelishuvlar yoki muvofiqlashtirilgan harakatlar mavjudligi taxmin qilindi.
Tekshiruvlar jarayonida Buxoro viloyatidagi 47 ta avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchasida faoliyat yuritayotgan 44 ta xo‘jalik yurituvchi subyekt tomonidan narx sun’iy ravishda oshirilgani ma’lum bo‘ldi. Ular xarajatlarning oshishi uchun iqtisodiy asos mavjud bo‘lmagan holatda, umumiy tashqi omillar ta’sirisiz va rag‘batlantiruvchi zaruratsiz ravishda narxlarni bir vaqtda yoki ketma-ketlikda oshirib, iste’molchilar hisobidan noqonuniy daromad orttirgani aniqlandi. Narh oshirilgan davr 2024-yil 5-dekabrdan 13-dekabrgacha bo‘lgan muddatni o‘z ichiga oladi.
Tekshiruv natijalariga ko‘ra, hududiy boshqarmaning maxsus komissiyasi mazkur subyektlarga nisbatan “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunning 19-moddasi va Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlari buzilgani bo‘yicha ish qo‘zg‘atdi.
Bundan tashqari, mazkur subyektlarga nisbatan moliyaviy jarimalar qo‘llash hamda qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Shu bilan birga, bunday holatlarning kelgusida takrorlanishining oldini olish maqsadida qonun talablariga rioya etish zarurligi haqida tegishli tavsiyalar berildi.
Мавзуга оид хабарлар:
O‘zbekistonda ayrim notarial xizmatlar uchun komissiya miqdori oshirildi Iste’molchilardan suv va elektr uchun 12 mlrd so‘m ortiqcha undirilgani aniqlandi Farg‘onada 2,9 mlrd so‘mlik gazdan noqonuniy foydalangan zapravka aniqlandi Raqobat qo‘mitasi “Aloqabank”ni jarimaga tortdi Bekoboddagi zapravkada 11 mlrd so‘mlik gazdan noqonuniy foydalanildi
Soʻnggi yangiliklar







