18 Oktabr 2024, 11:58 Oʻzbekiston

Buxoroda saksovul kesganlar ekoinspektorlarga hujum qildi

Buxoro viloyatida noqonuniy daraxt kesuvchilar qochish vaqtida daraxt shoxlarini inspektorlarning mashinalariga qarata uloqtirdi.

Buxoroda saksovul kesganlar ekoinspektorlarga hujum qildi

Sentabr va oktabr oylarida Buxoro viloyatida saksovulni noqonuniy kesish bo‘yicha 25 ta holat aniqlangan, deb xabar berdi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi matbuot xizmati.

Cho‘l hududlarida o‘tkazilgan nazorat reyd tadbirlari davomida viloyat ekologiya boshqarmasi inspektorlari huquqbuzarlarni ta’qib qilishlariga to‘g‘ri kelgan. Ba’zi hollarda saksovul kesuvchilar inspektorlarning hayotini xavf ostiga qo‘yishgan.

Vazirlik tomonidan e’lon qilingan videoda saksovul yuklangan samosval haydovchilari orqasidan kelayotgan ekoinspektorlar yo‘liga daraxtlarni tashlab ketayotgani aks etgan. Kadrlarda saksovul kesuvchilar inspektorlarga qarata daraxtlar bo‘laklarini uloqtirayotganini ko‘rish mumkin.

Huquqbuzarlarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 79-moddasi 1-qismi — daraxtlar va boshqa o‘simliklarni noqonuniy kesish (fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravaridan 50 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi) bilan ma’muriy bayonnomalar tuzildi.

25 ta holatda tabiatga 29 million 702 ming 400 so‘m zarar yetkazilgani hisoblangan va 222 million 900 ming so‘m jarima tayinlangan. Huquqbuzarlar jami 252 million 602 ming 400 so‘m tovon to‘lashlari belgilangan.

Ekologiya vazirligi va vazirlikning hududiy boshqarmalari tomonidan respublikamizning barcha hududlarida saksovullarning noqonuniy kesilishiga qarshi reyd tadbirlari doimiy tarzda o‘tkazilmoqda. Bu boradagi har qanday huquqbuzarlik qat’iy qonuniy javobgarlikka sabab bo‘ladi, deyiladi xabarda.

Mashhur yangiliklar