Sog‘liqni saqlash vazirligining matbuot xizmati xabar berishicha, Buxoro viloyatida shifokorlar birinchi marta jigar ko‘chirib o‘tkazish amaliyotini muvaffaqiyatli amalga oshirdi.
Olot tumanida yashovchi fuqaro bir necha yillardan buyon jigar sirrozidan aziyat chekib kelgan. Nima qilishni, qayerga murojaat qilishni bilmay boshi qotganida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Buxoro viloyati filiali unga yordam taklif qildi. Murakkab operatsiya to‘g‘ridan-to‘g‘ri filialda amalga oshirildi. Donor sifatida uning turmush o‘rtog‘i ishtirok etdi.
Operatsiya taxminan 10 soat davom etdi. Unda Milliy tibbiyot markazi transplantologlari Jasur Sobirov va xorijlik shifokor Samon Neixboliyon hamda buxorolik jarrohlar ishtirok etdi. Hozirda bemor va donorning ahvoli qoniqarli. Ular malakali mutaxassislar nazorati ostida zarur muolajalarni davom ettirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Samarqandda yigit 200 gramm mix va samorezlarni yutib yuborgandi. Shifokorlar bemorning tanasidagi yot jismlarni zudlik bilan olib tashlashdi.





















