5 Iyul 2024, 13:34 Oʻzbekiston

“Ayritom” chegara bojxona postida qariyb 8 kg giyohvand modda toʻxtatib qolindi

Postga kirib kelgan yuk mashinasining xufiya joyiga 3 kg opiy hamda 4 kg 950 gr gashish yashirib qoʻyilgan boʻlgan.

“Ayritom” chegara bojxona postida qariyb 8 kg giyohvand modda toʻxtatib qolindi

Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasining tezkor tuzilmalari tomonidan DXX xodimlari va Chegara qoʻshinlari harbiy xizmatchilari bilan hamkorlikda giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qoʻyildi. Bu haqda Bojxona qoʻmitasi axborot xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, “Ayritom” chegara bojxona postining “kirish” avtopaviloniga kirib kelgan yuk mashinasi belgilangan tartibda bojxona nazoratidan oʻtkazilgan. Mashinani koʻzdan kechirilishi davomida kabinaning xufiya joyiga sariq rangli skotch bilan oʻralgan 7 ta oʻram yashirilganligi maʼlum boʻlgan.

Oʻramlar ochib koʻrilganida ulardan 3 tasining ichida jami 3 kg ogʻirlikdagi opiy va qolgan 4 ta oʻramda esa jami 4 kg 950 gr ogʻirlikdagi gashish giyohvand moddasi borligi aniqlangan. Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Mashhur yangiliklar