6 Yanvar 2025, 19:11 Oʻzbekiston

Andijondagi xonadonlardan birida gaz portladi

Hozirda holat yuzasidan Marhamat tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

Andijondagi xonadonlardan birida gaz portladi

Andijon viloyati Marhamat tumanidagi xonadonlardan birida gaz portladi. Bu haqda Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov xabar qildi.

Aniqlanishicha, 3-yanvar kuni soat 03:00 larda “Shomat” MFYda joylashgan uyda yashovchi fuqaro X.Sh. yashash xonadonining yotoqxona qismida qo‘lbola usulda qurilgan isitish pechini yoqmoqchi bo‘lib, gugurt chaqqan vaqtida xonaga to‘plangan tabiiy gaz va havo aralashmasidan chaqnash yuz bergan.

Oqibatda ushbu xonada bo‘lgan X.Sh. tanasining 90 foiz, turmush o‘rtog‘i L.Sh. tanasining 35-40 foiz, o‘g‘li J.X. tanasining 20-30 foiz, qizi X.X.ning tanasining 70 foiz qismi kuyish tashxisi bilan tuman shoshilinch tez tibbiy yordam bo‘limiga yotqizilgan.

Hodisa joyiga tuman prokurori, tuman prokuraturasi tergovchisi, tuman IIB boshlig‘i, tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi, Marhamat tuman gaz ta’minoti filiali mas’ul shaxslari va tezkor tergov guruhi chiqib protsessual hujjatlar rasmiylashtirilgan.

Keyinchalik jabrlangan ayol va uning qizi Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy amaliy markaziga olib kelingan. Tibbiy muolajalarga qaramasdan qiz 4-yanvar kuni vafot etgan.

Tergovga qadar tekshiruv harakatlarini har tomonlama, to‘liq va sifatli olib borilishini ta’minlash maqsadida tuman prokuraturasi tomonidan jabrlanuvchilarga nisbatan sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan. Hozirda holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

Mashhur yangiliklar